G'arbiy sohilda isyon, Isroil sulh tuzmoqchi emas

  • Amerika Ovozi

Isroillik askar falastinliklar bilan olishayapti.

Isroillik askar falastinliklar bilan olishayapti.

Isroil G’azo sektorida HAMAS manzillarini bombardimon qilayotgan bir paytda, sulh tuzishga urinish samarasiz tugagan. Bugun ham G’azoda bir necha imorat o’qqa tutilgan va o’lganlar orasida jihodni targ’ib qilgan ulamo, uning ikki o’g’li bor. Sektorda shu tariqa halok bo’lganlar soni 800 kishidan oshgan.

Isroil rasmiylari bugun majlis qilib 18 kunlik harbiy kampaniyani davom ettirish yoki bir haftalik sulh e’lon qilib, o’sha payt muzokaraga qaytish ehtimolini muhokama qilgan edi. Isroil Vazirlar mahkamasi sulh taklifini bir ovozdan rad etgan.

Bugun, shuningdek, G’arbiy sohilda falastinliklar ommaviy namoyishga chiqib, G’azo ahliga hamdard ekanliklarini bildirmoqda.

Kecha kechqurun Quddus yonida Isroil askarlari va falastinliklar qattiq olishib, kamida bir falastinlik nobud bo’lgan va yana 150 nafari jarohatlangan. Minglab falastinliklar Ramallohdan Sharqiy Quddus tomon yurgani, bu oxirgi o’n yilda G’arbiy sohilda kuzatilgan eng yirik norozilik namoyishi bo’lgani aytiladi. Nablus, Baytlahm va Quddusning Eski shahar qismida ham norozilik yig’inlari bo’lib o’tgan.

Kecha BMT tomonidan qochqinlar uchun boshpana rolini o’tagan maktabga o’qlar yog’ilgan. Kamida 15 falastinlik jon bergan. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun hujumdan dahshatda. O’lganlar orasida ayollar, bolalar, BMT xodimlari bor.

Davlat departamenti voqeadan qattiq xavotir bildirmoqda. Lekin AQSh tomoni Isroilni hujum uchun tanqid qilishgacha bormadi.

Isroil oxirgi bir necha kunda BMTning yana ikki boshpanasini bombardimon qilgan. Harbiylarning aytishicha, oddiy fuqarolar hududni tark etish haqida oldindan ogohlantirilgan. Biroq, deydi Isroil rasmiylari, HAMAS odamlar darhol evakuatsiya qilinishi uchun sharoit yaratmagan.

AQSh Davlat departamenti nazarida maktablar hujumga olinayotgani olishuvni zudlik bilan bas qilish fursati yetganidan nishona.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG