Breaking News

AQSh: G'azo qamali uzluksiz davom eta olmaydi


AQSh rahbari Barak Obamaning ta’kidlashicha, G’azo sektori ustidan qamal uzluksiz davom eta olmaydi.

HAMAS jangari guruhi nazorat qiluvchi bu hududda tirikchilik azob, aholi zo’rg’a kun kechiradi. AQSh rahbari ularga iqtisodiy imkoniyatlar ochib berishga undamoqda.

Blokadadan asosiy maqsad sektorga qurol-yarog’ olib kirishni bartaraf etish bo’lsa-da, jabrini oddiy aholi ko’rmoqda. Sektorda ishsizlik sur’ati yuqori, aholi asosan tashqi yordamga tayanib yashaydi.

HAMAS Isroil bilan uzoq muddatli sulhga tayyor - shart shuki Misr va Isroi G’azo qamalini bekor qilishi kerak. Isroil esa G’azoni butunlay qurolsizlantirish talabini olg’a suryapti, aks holda qamal davom etadi.

Ayni damda Qohirada Isroil va Falastin o’rtasida muzokaralar davom etayapti. 72 soatlik sulh yakunlanishiga bir kun qoldi. Tomonlar insonparvarlik nuqtai nazaridan uni uzaytirishga tayyor ko’rinadi, biroq hozircha aniq kelishuv yo’q.

Isroil Tashqi ishlar vaziri Avidgor Liberman G’azo chegarasi nazoratini yevropalik kuzatuvchilarga topshirish haqida gap ochgan. Germaniya mojaroni hal qilishda bizga yordam bersin, deydi u.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun deydiki, G’azodagi talofatlar va vayronagarchilik xalqaro jamoatchilikni larzaga soldi va xunrezlik bugunoq to’xtashi lozim. Yahudiy davlati harbiy operatsiyani oqlashga harakat qilmoqda.

“Har bir insonning o’limi bir fojia, lekin bunda HAMASning o’zi aybdor. Guruh aholi zich joylashgan mahallalardan hujumlar uyushtirmoqda”, - deydi Benyamin Netanyaxu, Isroil bosh vaziri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG