Breaking News

AQSh: Pokiston terrorizm makoni bo'lib qolmoqda


Haqqoniylar to'dasining qo'lga tushgan jangarilari, Kobul
Haqqoniylar to'dasining qo'lga tushgan jangarilari, Kobul

AQSh va NATOning Afg'onistondagi qo'mondoni general Jon Nikolson Pokistonni terroristlarga qarshi ataylab sust harakat qilayotganlikda aybladi. Aks holda Haqqoniylar tizimi yer tishlagan bo'lar edi, deydi general.

Afg'on rasmiylari azaldan Islomobodni bu guruhni zimdan quvvatlab, Kobul va boshqa joylarda katta xurujlarda gumon qilib keladi. Pokiston razvedkasi Haqqoniylar bilan apoq-chapoq, deydi afg'onlar.

AQSh harbiylari nazarida Pokiston bosimni oshirmay, Amerika va Afg'oniston manfaatlariga tahdid solmoqda.

Pentagon hisobicha, terror hujumlari bu yili o'tgan yildagiga qaraganda 50 foizga kamaygan.

Pokiston Kobul va Vashington tanqidini asossiz deb biladi va terrorizmdan o'zi ham aziyat chekayotganini bildiradi. AQSh Mudofaa vazirligi nazarida esa Islomobod nayrangbozlik qilishda davom etmoqda. Amerika bu davlatga terrorizmga qarshi kurashish uchun milliardlab dollarga teng yordam ko'rsatib keladi.

General Jon Nikolson
General Jon Nikolson


Biroq o'tgan oy AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Pokistonga berilishi kutilayotgan 300 million dollarlik ko'makni bekor qildi. Sabab - Islomobod talablarga javob bermayapti.

Haqqoniylar yetakchisi Sirojiddin Haqqoniyning ukasi Anas Haqqoniy ayni damda Afg'onistonda qamoqda va mahalliy sud uni o'limga mahkum etgan.

Prezident Ashraf G'ani uning tezroq qatl etilishini buyurishi kerak, deydi ayrim arboblar.

General Nikolsning aytishicha, ish hozir apellyatsiya sudida va shoshmasdan harakat qilgan ma'qul.

Anas Haqqoniy 2014-yilda qo'lga olingan
Anas Haqqoniy 2014-yilda qo'lga olingan


Tolibon agar Anas Haqqoniy qatl etilsa, qonli qasoslar olinadi deya ogohlantirmoqda. Harakat nigohida Anas Haqqoniy taqvodor odam va biror qurolli hujumda qatnashmagan. Amerika afg'onlarni qirib tashlamoqchi va Kobul uning quli, deya qoralaydi toliblar.

O'tgan oy jangarilar kanadalik asirlar, er-xotin va ularning bolalarini, video orqali ko'rsatib, ular Anas Haqqoniy evaziga qo'yib yuborilishi mumkin deya bayon qilgan. Videoda asirlar Kanada hukumatidan ularni qutqarishni so'raydi. Toliblar esa Afg'oniston hukumatini biror mahbusni o'ldirmaslikka chaqirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG