AQSh "Islomiy davlat" harakatlarini genotsid deya e'tirof etishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Yazidiylar "Islomiy davlat"dan eng ko'p aziyat chekayotgan guruhlardan biri

Yazidiylar "Islomiy davlat"dan eng ko'p aziyat chekayotgan guruhlardan biri

“Islomiy davlat” terrorchi guruhi Yaqin Sharqda yazidiy, nasroniy hamda boshqa diniy va etnik guruhlarni qatliom etmoqdami? Obama ma’muriyatidan bunga baho berish so’ralmoqda.

AQSh Davlat departamenti payshanbagacha masalani ko’rib chiqishi kerak. Buni o’tgan yili Kongress qabul qilgan qaror taqozo etadi.

Davlat kotibi Jon Kerri masala huquqshunoslar tomonidan o’rganilayotganini ma’lum qildi. Chunki u yoki bu mojaroni genotsid deya belgilash jiddiy siyosiy va huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, deydi u. O’tmishda AQSh tugallanmagan mojaroni faqat bir marta shunday toifaga kiritgan.

Xalqaro e’tibor

“Mojaroning genotsid deya belgilanishi xalqaro hamjamiyatning xabardorligini oshiradi va davlatlardan muayyan harakatlar talab qiladi, masalan, etnik guruhlar, ularning dini va an’analarini ota-bobolari yashagan vatanda qayta intergatsiyalashuvini ko’zda tutadi”, - deydi Nebraska shtatidan respublikachi kongressmen Jeff Fortenberri.

Qonunchi o’tgan yil sentabr oyida Kongress Vakillar palatasida ushbu masala bo’yicha qonun loyihasini tayyorlagan edi.

BMTning 1948-yilda qabul qilingan bitimiga ko’ra, hujjatni imzolagan davlatlar milliy, etnik, irqiy yoki diniy guruhni butunlay yoki qisman yo’q qilishga qaratilgan harakatlarning oldini olishi va aybdorlarni jazolashi lozim.

2004-yilda AQShning o’sha paytdagi Davlat kotibi Kolin Pauel Sudanning Darfur viloyatidagi ommaviy zo’rlash va xunrezliklarni genotsid deya ta’riflagan edi. Biroq Pauel bu qarorni Davlat departamentining huquqshunoslari masalani o’rganib chiqib, AQSh hukumati o’z chegaralaridan tashqarida yuz bergan genotsidning oldini olish uchun huquqiy majburiyatga ega emas, degan xulosaga kelganidan so’ng e’lon qilgan edi. Shundan so’ng davlat kotibi BMT Xavfsizlik Kengashidan Darfurdagi jinoyatlar tarkibida qatliom bo’lganini aniqlash va tegishli choralar ko’rish uchun maxsus komissiya tuzishni so’ragan.

Masalaning huquqiy jihati

“Islomiy davlat” guruhi harakatlarini genotsid deb e’tirof etish masalasi ko’rib chiqilgach, Kerri aybdorlarni jazolashni BMT Xavfsizlik Kengashiga qo’yib berishi mumkin.

O’tgan oy Kerri Kongressdagi tinglovda jinoyatlarni genotsid deya ta’riflashning huquqiy mezonlari haqida gapirdi va Davlat departamenti huquqshunoslaridan hujjat va dalillarni obdon o'rganib chiqish so’ralganini aytdi.

Mart boshida “Kolumb ritsarlari” nomli xalqaro katolik guruhi va AQShda joylashgan “Nasroniylar himoyasi” nodavlat tashkiloti “Islomiy davlat” jangarilari amalga oshirayotgan qatl etishlar, zo’rlashlar, ayollarni jinsiy qulga aylantirish va shu kabi jinoyatlarga oid batafsil ma’lumotlardan iborat hisobot chiqardi.

Batafsil hisobot

Hujjatga ko’ra, 2003-2014-yillarda Iroqda 1131 nasroniy va 125 cherkovga hujum qilingan.

Davlat departamentidagi manbalarga ko’ra, AQSh hukumati “Islomiy davlat” jinoyatlarining huquqiy jihatdan genotsid deb tan olinishi yoki olinmasligidan qat’i nazar, aybdorlar to’la javobgarlikka tortilsin degan fikrda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG