Jorj Krol - AQShning O'zbekistonga yangi elchisi


Jorj Krol Kongressning yuqori palatasi - Senat tomonidan 26 may kuni tasdiqlandi

Jorj Krol Kongressning yuqori palatasi - Senat tomonidan 26 may kuni tasdiqlandi

Amerika shu kunlarda O’zbekistonga o’zining yangi elchisini yuborish arafasida.

Bu lavozimga 2003-2006 yillarda Belarusda elchilik qilgan va yaqingacha AQSh-Markaziy Osiyo aloqalari uchun mas’ul bo’lgan diplomat Jorj Krol (George Krol) tayinlandi.

Krol O'zbekistonda bir necha bor bo'lib, respublika rahbariyati va nohukumat tashkilotlar xodimlari hamda faollar bilan gaplashgan.

"Amerika Ovozi" bilan suhbatlarida diplomat O'zbekistonni Markaziy Osiyoning yuragi, Vashington uchun strategik jihatdan muhim davlat deb tasvirlab keladi.

Uning qayd etishicha, maqsad ezgu - xavfsizlik, iqtisodiy taraqqiyot va siyosiy-ijtimoiy islohotlar yo'lida birga ishlash.

Nomzod Kongressning yuqori palatasi - Senat tomonidan 26 may kuni tasdiqlandi.

Jorj Krol 4 may kuni qonunchilarning savollariga javob bergan edi. Elchilar bilan Senatning Tashqi aloqalar bo’yicha qo’mitasi shug’ullanadi.

Uni savolga tutgan senator, demokrat Robert Keysi (Casey) deydiki, O’zbekistonga nisbatan siyosatni bugun asosan ikki masala belgilamoqda.

Birinchisi, Afg’oniston bo’yicha hamkorlik. Ikkinchisi esa inson huquqlari va erkinlik.

Birinchisini ijobiy baholash mumkin, ikkinchisi esa murakkab bir holatda, deydi senator.

Robert Keysi, demokrat senator, nazarida O'zbekiston bilan aloqalarda huquq va demokratiya masalalariga ko'proq e'tibor berish kerak

Robert Keysi, demokrat senator, nazarida O'zbekiston bilan aloqalarda huquq va demokratiya masalalariga ko'proq e'tibor berish kerak

“O’zbekistondek inson huquqlari muntazam ravishda buziladigan mamlakat bilan chigal rishtalarga egamiz. Hamkorlik ko’p jihatdan xavfsizlik va Afg’onistondagi urush bilan bog’liq. Bu juda muhim ahamiyat kasb etuvchi hamkorlik", - deydi Robert Keysi.

"Lekin biz O’zbekistondagi huquqbuzarlik, qiynoq, siyosiy mahbuslar, muxolifat va fuqarolik jamiyati hamda xalqaro tashkilotlarga nisbatan bosimga ko’z yuma olmaymiz. Bu davlatga nisbatan muvozanatli pozitsiyada bo’lish oson emas. Tayyormisiz bu sinovlarga?” - deya so’raydi senator Keysi Kroldan.

“Elchilikka tasdiqlansam, O’zbekiston bilan nafaqat xavfsizlik va Afg’oniston, balki boshqa muhim sohalarda ham hamkorlikni yo’lga qo’yishga harakat qilaman”, - deydi Jorj Krol.

“O’zbekiston mintaqa xavfsizligi va farovonligi hamda qo’shni Afg’onistonda tinchlikdan manfaatdor. Respublika rahbariyati bilan gaplashganimizda buni ochiq aytishadi. Shimoliy ta’minot tizimi, Afg’onistonga noharbiy yuk tashiladigan yo’nalish O’zbekistondan o’tadi. Bu hamkorlikni qadrlaymiz va respublikadan minnatdormiz. O’zbekiston Afg’onistonni elektr quvvati bilan ta’minlamoqda. Respublika buni biz uchun emas, o’z manfaati uchun ham qilayotganini biladi”, - deydi elchi.

Jorj Krol, tajribali diplomat, o'zbek va rus tillarida gaplasha oladi. 2003-2006 yillarda Belarusda elchilik qilgan. Undan keyin esa AQShning Markaziy Osiyo bo'ychia bosh diplomati bo'lgan.

Jorj Krol, tajribali diplomat, o'zbek va rus tillarida gaplasha oladi. 2003-2006 yillarda Belarusda elchilik qilgan. Undan keyin esa AQShning Markaziy Osiyo bo'ychia bosh diplomati bo'lgan.

“Biz bu davlat rahbariyatini huquq va erkinlikni ta’minlashga, fuqaro jamiyatiga tazyiqlarni bas qilishga undab kelayapmiz va men elchilikka tasdiqlansam, bu ustuvor masalalardan biri bo’ladi”, - deydi diplomat.

“2009-yildan beri AQSh va O’zbekiston rasmiylari muntazam ravishda uchrashib, ochiq muloqot qilmoqda. Unda inson huquqlaridek nozik masalalar borasida fikr almashayapmiz. Obama ma’muriyati bu borada o’z pozitsiyasini aniq tushuntirib kelmoqda, ya’ni biz O’zbekistonda erkinlik va demokratiya tarafdorimiz. Davlat kotibi Xillari Klinton o’tgan yili Toshkentda bo’lganida, gapdan ishga o’tish payti keldi dedi, ya’ni berilgan va’dalar, zimmaga olingan majburiyatlar bajarilishi kerak. Xalqaro normalar buzilmasligi kerak”, - deydi Krol.

Elchi fikricha barqarorlik eng zarur narsa, lekin qonun ustuvor bo’lmagan jamiyat barqaror bo’lmaydi.

Inson huquqlarini e’zozlash - tinchlik garovi, deydi u. AQSh mana shunga urg’u berib, O’zbekistondek aholining ko’pchiligi yoshlardan iborat jamiyatda erkinlik ahamiyati haqida gapirishi kerak, deydi Jorj Krol.

Diplomatning yana bir va’dasi shuki, u elchilikka tayinlansa, nafaqat hukumatlarni balki ikki xalqni bir-biriga yaqinlashtiruvchi tashabbuslar bilan chiqadi. Hamkorlik faqat rasmiy darajada emas, quyi qatlamlarda ham yo’lga qo’yilishi kerak. Oddiy odamlarni bir-biri bilan bog’lovchi madaniy, ma’rifiy, ilmiy, texnologik dasturlarni ko’paytirish, mavjudlarini kengaytirish kerak. AQSh O’zbekistonga qishloq xo’jaligi sohasida ham ko’proq ko’maklashishi mumkin.

Senator Robert Keysi Jorj Kroldan O’zbekiston paxtazorlarida bolalar majburiy mehnatga jalb etilishi haqida ham so’radi. AQSh bu odatni qoralab keladi.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton 2010 yilning dekabrida Toshkentga safar qilib, O'zbekiston rahbari Islom Karimov bilan muloqotda bo'lgan

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton 2010 yilning dekabrida Toshkentga safar qilib, O'zbekiston rahbari Islom Karimov bilan muloqotda bo'lgan

O’zbekiston bolalarning majburiy ishlatilishini taqiqlovchi qonunlar qabul qilgan va bu holatga qarshi choralar ko’rayotganini qayd etadi.

Lekin, deydi senator Keysi, “amalda buning samarasini ko’rmayapmiz”.

Jorj Krol deydiki, paxta terimida bolalarni ishlatish masalasi yuzasidan AQSh O’zbekistonga o’z munosabatini aniq bildirgan. Karimov ma’muriyati Vashington pozitsiyasini biladi.

“Biz huquq bilan bog’liq boshqa murakkab masalalar qatori bu muammoni ham ko’tarib kelayapmiz”, - deydi u.

Elchilikka nomzoddan O’zbekistonda terrorizm xavfi haqida ham so’rashdi.

Jorj Krol fikricha respublikada ekstremizm tahdidi va jangari xurujlar ehtimoli yuqori.

“Bu boradagi xavotirlarga asos bor”,- deydi u, O’zbekiston Islomiy Harakati va Islomiy Jihod Ittifoqi kabi guruhlarni tilga olar ekan.

Hozir bu jangarilar asosan Pokistonning qabilaviy mintaqalarida yurgani ma’lum. Ularning faoliyatini o’rgangan ekspertlarning aytishicha, ekstremist kuchlar O’zbekiston va qo’shni davlatlarga borib keladigan yashirin yo’llar bor va ular qoradori savdosidan tushgan daromad evaziga harakat qiladi.

Jorj Krolning ta’kidlashicha, chegara xavfsizligini ta’minlash, Markaziy Osiyo o’lkalari orasida hamkorlikni oshirish yo’lida ham Amerika kattaroq hissa qo’sha oladi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG