Gruziya maktablarida rus tili o'rnini ingliz tili egallamoqda

  • Amerika Ovozi

Gruziyada maktab o'quvchilari ingliz tili darslarini birinchi sinfdan boshlashadi.

Gruziyada maktab o'quvchilari ingliz tili darslarini birinchi sinfdan boshlashadi.

Bundan 20 yil muqaddam Sovet Ittifoqi qulagan paytda Rossiya, Belarus va Ukraina atrofidagi 12 mamlakat aholisining 90 foizi rus tilida gaplasha olardi. Tilshunoslarning aniqlashicha, bugunga kelib bu raqam atigi 10 foizni tashkil etadi. Ayniqsa, Gruziyada yoshlar rus tilini tez unutmoqda.


Sakkiz yoshli uchinchi sinf o’quvchilari ingliz tili darsida o’tiribdi. Bu Gruziyada xorijiy tillar istiqboli G’arb sari yuz tutganidan darak.

Gruziya hukumati tomonidan o’quvchilarga ingliz tilini o’rgatish bo’yicha qabul qilingan yangi loyiha asosida hozir xorijlik 540 nafar o’qituvchi mamlakatda ingliz tilidan saboq bermoqda. Ularning aksariyati amerikaliklar. AQShning Oregon shtatidan kelgan 25 yoshli Charli Makmurrey ham ulardan biri.

“Gruziyada 2000 atrofida maktablar bo’lsa, deyarli barchasida inglizzabon xorijlik oqituvchilar bor”, - deydi u.

Qariyb ikki asr Kreml nazorati ostida bo’lgan o’lka ta’lim tizimi ikki yil burun keskin o’zgarishga yuz tutdi. Ingliz tili maktablarda majburiy chet tiliga aylandi. Rus tiliga esa ixtiyoriy chet tili maqomi berildi.

Rossiya ta’limini olgan, rusiyzabon milliarder Bidzina Ivanishvili yaqinda Gruziya bosh vaziri lavozimini egalladi. Tbilisidagi 75-maktab direktori Tina Alavidzening aytishicha, ta’lim tizimida xorijiy til o’qitilishiga oid biror o’zgarish bo’lishi kutilmayapti.

“Ota-onalar birinchi sinfdan boshlab farzandlari ingliz tili darsarini boshlashini xohlayapti”, - deydi u.

Gruziya Yevropa Ittifoqiga qo’shilish harakatida. Ittifoq bolalarining 90 foizi maktabda ingliz tilini o’rganadi.

15 yoshli o’quvchi Meri Sazuashvilining aytishicha, agar yangi hukumat til bo’yicha siyosatni o’zgartirsa, o’quvchilar bundan norozi bo’ladi.

“Biz bunga qarshi chiqamiz. Chunki ingliz tili juda muhim. Agar ular buni to’xtatishsa, biz mustaqil o’rganishga o’tamiz”, - deydi gruziyalik o’quvchi.

Sazuashvili internetdagi “Feysbuk” tarmog’i orqali butun dunyodan do’st topishda ingliz tilidan foydalanadi. Uning do’sti Nanuka Abuashvili ham ijtimoiy tarmoqlar orqali ko’p tanish orttirgan.

“Men AQSh, Avstraliya, Angliya, Fransiya, Belgiya va boshqa davlatlardagi odamlar bilan gaplashaman. Ularning ingliz tilisi juda mukammal”, - deydi Nanuka.

O’tgan yili Abuashviliga ingliz tilidan amerikalik o’qituvchi Roli Nuz saboq berdi.

Sazuashvili darslarda nafaqat tilni, balki Amerika madaniyatini ham o’rganganini aytadi.

“Amerikacha raqs tushishni, Elvis Presli qo’shiqlarini o’rgandim. Juda yoqimli, maza edi”, - deydi u.

Sazuashvilining o’qituvchisi Nuz ishini hozir Gruziyaning ingliz tili o’qituvchilari dasturida davom ettiryapti.

“Ushbu dastur juda mashhur, hatto oldingi hukumatga qarshi bo’lganlar orasida ham. Maktablar, oilalar, ota-onalar, hamma juda mamnun va uni qo’llab-quvvatlayapti”, - deydi Nuz.

Inqirozlarni o’rganuvchi xalqaro tashkilotning Tbilisidagi ofisi rahbari Lorens Shitsga ko’ra, Kreml til imperiyasi sifatidagi tarixiy rolini boy berib bormoqda.

“Ko’p odamlar rus tilini esdan chiqarib yubordi. Eski avlod orasida ruscha gapiradiganlar ko’p, ammo ayrim joylarda ruscha bilishmaydi yoki juda kam gapirishadi”, - deydi Shits.

Bugungi yoshlarga qaraydigan bo’lsak, Gruziyaning kelajak zaboni, shubhasiz, ingliz tili ekanini ko’ramiz.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG