Gruziya turmasida qiynoqlar fosh etilgach, vazirlar ishdan ketdi


Saylovlar arafasida turgan Gruziyada mahbuslar tahqirlanishi bilan bog’liq mojaro sabab Ichki ishlar vazirli Bacho Axalaya iste’fo bergan.

Poytaxtdagi markaziy turmada mahbuslar qiynoqqa solingani va jinsiy zo’rlangani haqidagi video muxolifat televideniyesida namoyish etilgach, Tbilisi va boshqa shaharlarda namoyishlar boshlanib ketdi.

“Qamoqxonalarda qiynoqlar kabi razil jinoyatlarga chek qo’ya olmaganim uchun shaxsan mas’uliyatni bo’ynimga olaman”, - deydi sobiq vazir Bacho Axalaya.

Jinoyatga qo’l urganlar jazosiz qolmaydi, deya so’z bergan prezident Mixail Saakashvili jazoni o’tash muassasalarining yangi rahbari etib Georgiy Tugushini tayinladi. Ilgari inson huquqlari bo’yicha ombudsman lavozimida ishlagan bu arbob sistemani tubdan isloh qilib, qiynoqlarni tag-tugi bilan yo’q qilishini ta’kidladi.

Avvalgi vazir chorshanba kuni Tbilisi markazida minglab namoyishchilar talabi bilan ishdan ketgan.

Gruziya Ichki ishlar vazirligi da’vosicha, mahbuslar kaltaklanishi va turli jismlar bilan zo’rlanishi prezidentning dushmanlari tomonidan sahnalashtirilgan va tasvirga tushirilgan.

Mojaro 1-oktabrga belgilangan parlament saylovlari oldidan hukmron partiyaga zarba bo’lishi aniq, deydi tahlilchilar. Bosh vazir Vano Merabishvili qamoqxonalarni ko’zdan kechirib, tizim isloh qilinadi, dedi.

Ayni paytda jinoyat ro’y bergan turma boshlig’i, uning ikki o’rinbosari and soqchilar hibsda. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar Saakashvili ma’muriyatidan adolatni ta’minlashga chaqirmoqda.
XS
SM
MD
LG