Rossiya Janubiy Osetiyani Gruziyadan sim bilan ajratmoqda

  • Amerika Ovozi

Xurvaleti qishlog'ining Gruziya nazorati ostidagi qismi, Janubiy Osetiyadan tikanli sim bilan ajratilgan. 25 iyul, 2013-yil

Xurvaleti qishlog'ining Gruziya nazorati ostidagi qismi, Janubiy Osetiyadan tikanli sim bilan ajratilgan. 25 iyul, 2013-yil

Rossiya Gruziyani Janubiy Osetiyadan ikki metrlik tikanli sim bilan ajratishga kirishdi. Mahalliy aholi uni “qishloq Berlin devorlari” deb atamoqda.

Roppa-rosa besh yil avval Rossiya Gruziya bilan Abxaziya va Janubiy Osetiya uchun qisqa jang qilgan edi. Tbilisi ikkisini o’z hududi deb biladi va ularni 3-4 mamlakatdan boshqa hech kim mustaqil deb tan olmagan. 2008-yil 16-avgustida sulh imzolanib, Gruziya xaritasiga hududlarni bir-biridan ajratuvchi vaqtincha chiziqlar tushdi.

Besh yil o’tib rus zobitlari bir necha kilometrlik to’siq bilan hududlarni Gruziyadan ajratmoqda.

Maryam ismli ayolning o'zi osetin, turmush o’rtog’i esa gruzin.

"Gruzin do’stlarim to’siqning yoniga kelib, men bilan gaplashib ketadi. Hol-ahvolimni so’rashadi, “u-bu narsa kerakmi” deb ketishadi. Gugurtimiz yo’q edi, olib kelib berishdi", - deydi Maryam.

Uning eri, 79 yoshli dehqon Davidning aytishicha, rus askarlari chegarani har kuni itlar yordamida nazorat qiladi.

"To’siq oldin bunaqa uzun emas edi. Yaqinda uzaytirishdi. Ilgari gruzin tomonga o’tsa bo’lar edi, hozir esa yo’q", - deydi u.

Yevropa Ittifoqining harbiy missiyasi sulh ijrosini kuzatib turadi. Missiya vakili Gergeli Fulopning aytishicha, Rossiya vaqtincha sulh chizig’ini xalqaro chegaraga aylantirmoqchi.

"To’siqlar ko’payyapti va bu tashvishga molik hol. Hududdagi odamlarning hayoti to’xtab qolmoqda. Harakatlanish ancha qiyinlashgan", - deydi Fulop.

Gruziya parlamenti a’zosi Giorgi Vashadzening aytishicha, yangi bosh vazir Bidzina Ivanishvili Rossiya oldida bo’sh kelyapti.

"Gruziyada oldingi hukumat bo’lganida to’siqlar ustidan xalqaro norozilik kampaniyasi uyushtirilardi. Hozirgi hukumat zaif, shunga ruslar bilganini qilyapti", - deydi deputat.

Biroq bosh vazir Ivanishvilining ta’kidlashicha, Rossiya bilan aloqalar yaxshilanmoqda, bu mamlakatda gruzin vinolariga bozor qayta ochildi, Gruziyada yana rossiyalik sayyohlarni ko’rsa bo’ladi.

"Albatta, chegarada simli to’siq o’rnatish Rossiya bilan ziddiyatga yetaklashi mumkin, ammo muammo vaqti kelib hal bo’ladi degan umiddaman", - deydi Ivanishvili.

Tbilisilik tahlilchi Aleksandr Rondeliga ko’ra, Rossiya bu harakati bilan xo’jayin kim ekanini Gruziyaga ko’rsatib qo’ymoqchi.

"Moskva Gruziya bilan munosabatlar rus qoidalariga ko’ra kechishiga sha’ma qilmoqda. Rossiya Janubiy Osetiyani tan oladi, uni mustaqil davlat deb hisoblaydi, demak endi Gruziya ham buni qabul qilishga majbur", - deydi Rondeli.

Xurvaleti qishlog’ining Janubiy Osetiya qismida yashovchi aholining bir qismi to’siq o’rnatish qarorini to’g’ri deb hisoblaydi.

Aslan Xuvullova ismli odam “bu bizning chegara, bizning yerimiz” deydi.

Urushdan so’ng o’tkazilib, Gruziyadan uning ikki hududini ajratib turuvchi sulh chizig’i besh yil o’tib mustaqil davlatlar o’rtasidagi chegaraga o’xshab ketadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG