Breaking News

Gruziya Rossiyadan xavfsirab hayot kechirmoqda


Tahlilchilar fikricha Qirg’izistonda ro’y bergan voqealar hamda prezident Qurmanbek Bakiyevning xalq isyoni bilan hokimiyatdan chetlatilishi sobiq Sovet respublikalarida aks-sado beradi.

Gruziyada xavotir shuki, Rossiya bu davlatga yana tajovuz qilib, Kremlga itoatsiz rahbarini ag’darishga urinishi mumkin.

So’nggi 10 yilda Gruziya, Ukraina va Qirg’izistonda ro’y bergan rangli inqiloblar, aksar mutaxassislar nazarida, omma bu davlatlar siyosiy-ijtimoiy hayotida kutgan o’zgarishlarni olib kelmadi.

Natijada Ukrainada o’tgan saylovda inqilobchilar Rossiyaga moyil rahbarga boy berdi. Qirg’izistonda ham muvaqqat hukumat tuzilganining birinchi kunlaridan boshlab, Kreml bilan yaqinlashish, qolaversa bu davlatdan siyosiy-iqtisodiy ko’mak olishga harakat ketmoqda. G’arbcha demokratiya degan tasnifga mos yagona hukumat faqat Gruziyada qoldi, deydi tahlilchilar.

Rossiya bilan 2008 yilgi qisqa, ammo qonli urush dahshati gruzinlar yodidan ko’tarilmagan. Urush Abxaziya va Janubiy Osetiyaning Kreml tomonidan mustaqil deb tan olinishi bilan yakunlangan edi. Poytaxt Tbilisida oddiy odamlar va ziyolilar bilan gaplashganda, Rossiyaga nisbatan xavotir va qo’rquv seziladi.

"Rossiya", - deydi tbilisilik Gavi Naybuke, "ikki asrdan beri Gruziyani yo’q qilish payida yuribdi".

Prezident Barak Obama Rossiya bilan munosabatlarni yangilash yo’lidan borar ekan, Gruziyada bu xavotir bilan qarshi olingan.

Siyosiy sharhlovhci Maka Gurgenidzening aytishicha, Qo’shma Shtatlar tashqi siyosatini Rossiyaning qo’shnilari hisobiga yuritishga tayyor deb ko’riladi.

“Gruziya jamoatchiligi orasida shunday qarash hukmronki, Rossiya bizga yana hujum qilsa, hech bir davlat lom-mim demaydi. Har holda, Obama ma’muriyatining yangicha siyosatidan shuni ilg’ab olish mumkin. Nazarimda, AQSh Gruziya hududiy yaxlitligini hurmat qilishga da’vatlardan nariga o’tmaydi”, - deydi siyosatdon.

Bunga qisman prezident Mixail Saakashvilining bemulohaza siyosati va qaltis xatolari sababchi deb ko’riladi. O’tgan yili Yevropa Ittifoqi o’tkazgan tekshiruv xulosasi shuki, 2008 yilgi urushda asosan Gruziyaning o’zi aybdor bo’lgan.

Korrupsiyani yengish va fuqarolarning siyosiy-iqtisodiy erkinliklarini ta’minlashga kelganda ham, xalqaro tashkilotlarga ko’ra, Gruziyadagi ahvolni a’lo deb bo’lmaydi.

“Buning sababi oddiy”, - deydi Maka Gurgenidze. “Qirg’izistondagi kabi siyosiy beqarorlikning oldini olish uchun hukumat ayrim cheklovlar joriy etishga majbur. Prezident Saakashvili uchun Rossiya doimiy xavf”.

Tbilisidagi Kavkaz tadqiqotlar markazi rahbari Koba Turmanidze deydiki, gruzinlar ko’p jihatdan Saakashvili hukumatidan norozi bo’lishi mumkin, biroq Rossiyadan kelayotgan xavf xalqni uning atrofida jipslashtirgan.

Turmanidze Saakashvili boshqaruvi davrida mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashda ham birmuncha muvaffaqiyatga erishilganini e’tirof etadi.

“Demokratiya bo’ladimi, yo’qmi, ko’pchilikka buning ahamiyati yo’q. Odamlar uchun eng muhimi kundalik hayotda poraxo’rlik kamaygani”, - deydi u.

Shunga qaramay muxolifat prezident Saakashvili iste’fosini talab qilishda davom etmoqda. “Adolatli Gruziya” harakati rahbari, sobiq bosh vazir Zurab Nogaydeli 30 mayga belgilgangan mahalliy saylovlar erkin o’tishini ta’minlashga chaqirmoqda. Aks holda, deydi u, hukumat Qirg’izistondagi kabi xalq isyoniga tayyorgarlik ko’raversin.

Garchi Nogaydeli kabi muxolifatchilar mamlakatda ko’p tarafdorga ega bo’lmasada, ularning so’nggi payt Moskvaga tez-tez qatnayotgani Saakashvili ma’muriyatini tashvishga solmoqda.

Gruziya AQShning Guantanamo qamog’ida saqlanayotgan mahbuslarning uch nafariga boshpana bergan. Afg’onistonda esa qariyb ming gruzin zobiti NATO qo’shinlari safida Tolibonga qarshi jang qilmoqda. Maqsad, deydi rasmiylar, G’arb bilan hamkorlikni oshirish va shu orqali Rossiyani mamlakat ichki ishlariga aralashishdan tiyib turish.

XS
SM
MD
LG