Ko'plab gruzinlar Stalin bilan faxrlanadi

  • Amerika Ovozi

Prezident Mixail Saakashvili buyrug'i bilan olib tashlangan Stalin haykali hozir tashlandiq bir binoda yuztuban yotibdi.

Prezident Mixail Saakashvili buyrug'i bilan olib tashlangan Stalin haykali hozir tashlandiq bir binoda yuztuban yotibdi.

Bu yil qattol diktator sifatida tarixga kirgan Iosif Stalinning vafot etganiga 60 yil to’ladi. Ona vatani Gruziyada unga munosabat turlicha. Jumladan, Stalinning olib tashlangan bronza haykalini qayta tiklash yuzasidan talablar kuchaygan.

Iosif Stalin 30 yil davomida Sovet Ittifoqini temir musht bilan boshqardi. Uning hukmronligi davrida 20 million odam qatl, surgun va turli inson qo’li bilan yaratilgan tabiiy ofatlar qurboni bo’ldi.

Stalin tug’ilib o’sgan Gori shahrida esa uni ardoqlaydiganlar ko’p.
Stalin ko’chasida bo’lajak rahbar to’rt yoshigacha yashagan kulba hanuz muzey qaramog’ida asrab-avaylanadi.

Bu yerga har yili tashrif buyuradigan sayyohlarning keti uzilmaydi.
Ammo uch yil muqaddam Gorining bu shuhratiga darz ketgandek bo’ldi.
Gruziyaning g’arbparast prezidenti Mixail Saakashvili buyrug’i bilan Stalin haykali olib tashlandi.

“Amerika Ovozi” bugun bu haykalning qayerda saqlanayotganini aniqladi. Olti metrli bronza Stalin tashlandiq va tomsiz bir sanoat binosida yuztuban yerga qarab yotibdi.

Gigi Xidashli Stalin muxlislaridan biri.

“Stalinning shaxsi biz uchun, Goridagi har bir odam uchun juda qadrli. Har kimning fikri har xil, ammo Stalin shu yerda tug’ilgan. Bu yer uning shahri va ona vatani. Gorida, shak-shubhasiz, uning haykali bo’lishi kerak”, - deydi u.

Stalin himoyachilarining norozilik namoyishlaridan so’ng Gori shahar kengashi uning haykalini qayta tiklashga qaror qildi.

Dahoning haykali uning tug’ilgan kuni – 21-dekabrgacha Stalin muzeyi bog’ida yana qad rostlashi kutilyapti.

Ketino Axobadze 1978-yildan beri Stalin muzeyida ishlaydi.

“Bu yerga butun dunyodan odamlar keladi – Polsha, Amerika, Yugoslaviya, Kolumbiya, Braziliya, Yaponiya va Xitoydan. Deyarli har bir mamlakatdan tashrif buyurishadi”, - deydi muzey xodimi.

Ammo Stalin merosining asrab-avaylanishiga qarshilar ham talaygina. Tarixchilarning aytishicha, Stalin hukmronligi davrida 700 ming gruzin halok bo’lgan. Ular otilgan, surgun qilingan yoki II Jahon urushi qurboni bo’lgan.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar bo’yicha Gruziya jamg’armasi vakili Aleksandr Rondelining aytishicha, onasi oilasining aksariyat a’zolari Stalin davrida o’ldirilgan.

“Mendan so’rasangiz, bu yerdagi hamma narsani yo’qotgan bo’lardim. Ammo ko’pchilik Stalinni tarixiy daho sifatida ko’radi”, - deydi Rondeli.

Shu yil o’tkazilgan ommaviy bir so’rovda gruziyaliklarning uchdan ikki qismi Stalinni “dono rahbar” deya atagan.

Oktabr oyida Gruziya yangi prezident saylaydi. Muxolifat tarafdorlarining aytishicha, mamlakatda Stalin haykallari yana ko’payib bormoqda.
Katta haykal bo’lishi yoki bo’lmasligidan qat’i nazar, Stalin muzeyidagi sovet davriga oid ko’rgazmalar bir joyda qotib qolgandek.

Sayyohlardan biri Jorj Martin muzeydagi “butparastlik”dan hayratga tushganini aytadi.

“U Yevropada fashizm ustidan g’alaba qozondi, ayni paytda millionlab odamlarni qirdi. Shuning uchun taqdim etilayotgan materiallarda muvozanat bo’lishi kerak. Uni faqat qahramon qilib ko’rsatish yaramaydi”, - deydi sayyoh.

Stalin muzeyini zamonaviylashtirish, unda ko’rgazmalarni tarixiy haqiqat asosida qayta tiklash masalasini saylovdan keyingi yangi Gruziya hukumati hal etadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG