Gruziya vinosi Rossiya bozoriga qaytishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Tbilisidagi vino do'koni sohibasi Nana Mageladze

Tbilisidagi vino do'koni sohibasi Nana Mageladze

Bundan olti yil avval Rossiya Gruziyadan import qilinadigan vinolarni man etgan edi. Vaholanki, mahsulotning 80 foizi aynan Rossiyaga sotilar edi. Shunga qaramay sanoat nafaqat inqirozga uchramadi, balki gullab-yashnamoqda. Endi esa Tbilisida hukumat o’zgargach, embargo bekor qilinishiga umid paydo bo’ldi.


Arxeologlarga ko’ra, birinchi sharob hozirgi Gruziya hududida paydo bo’lgan. Bundan 8000 yil avval vino “kvevri” deb nomlangan katta sopol xumlarga solinib, yerga ko’milgan holda saqlangan.

Amerikalik Jon Vurdeman Gruziyada vino ishlab chiqaradi.

“Tayyorlashning eski uslublarini qayta tiklash arafasidamiz. O’rganadigan narsa ko’p”, - deydi u.

Vurdeman Gruziyadagi yerida uzumning 340 navini yetishtiradi. Sharbatning qadimgi turlarini ishlab chiqarishni yo’lga qo’ymoqchi.

Gruziya vinolarining sifati yaxshi, Amerika va Yevropada uni sotib olaman, deganlar ko’p. Masalan, San Fransiskodagi bar sohibasi Liza Kosta.

“Mazali, noyob. Jon Vurdemanga o’xshagan odamlar vino ishlab chiqarishdagi an’analarni saqlab qolishga urinmoqda. Azaliy turlar, qadimgi uslublar… Vinoning o’zi yuqori sifat isboti”, - deydi u.

Bugungi kunda Gruziya vinolari dunyoning 50 mamlakatiga eksport qilinadi. 2006-yilga qadar asosiy hamkor Rossiya edi. Prezident Vladimir Putin to’satdan Gruziya vinolarini sotib olishni man qildi. Bugun eksport hajmi olti yil oldinga qaraganda kamroq bo’lsa-da, undan olinadigan daromad kamaymadi, chunki xorij Gruziya mahsulotini Rossiyaga qaraganda balandroq narxda sotib oladi.

Kremlga yaqinligi aytilayotgan Bidzina Ivanishvili Gruziya bosh vaziri etib tayinlanishi ketidan Rossiya bilan savdo tiklanishiga umid paydo bo’ldi.

Tadbirkor Jon Vurdeman buning salbiy taraflari ham bor, deydi.

“Rossiya bozori qayta ochilishining xavfi shundaki, ko’pchilik sifati pastroq bo’lsada katta hajmda vino sotib olishga harakat qiladi”, - deydi u.

Kaliforniyalik tadbirkor Liza Kosta Gruziya vinolari sifati zo'r, deydi

Kaliforniyalik tadbirkor Liza Kosta Gruziya vinolari sifati zo'r, deydi

Fransiyalik Jak Flyori, Gruziyadagi Shato Muxrani nomli vino shohobchasi rahbari, Rossiya joriy etgan embargo oqibatida Gruziya vinolarining sifati oshganini aytadi.

"Gruziya vino sanoati yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqara boshladi. Chunki G’arb mamlakatlarini zabt etish kerak edi. G’arbda esa sifat yaxshi bo’lmasa savdo yurishmaydi”, - deydi u.

Rossiya rahbariyati Gruziya vinolarini salomatlik uchun zarar, deb taqiqlagan. Ammo rossiyaliklar boshqacha fikrda.

“Odamlar Peterburgdan dengiz orqali Estoniyaga yoki havo orqali Finlyandiyaga borib, Gruziya vinolarini sotib oladi va Rossiyaga olib qaytadi. Demak, qiziqish katta”, - deydi Jak Flyori.

Endi Rossiyaning Iste’molchilar himoyasi davlat xizmati masalani yana o’rganishi va Gruziya vinolari importiga ruxsat berish yoki bermaslikni hal etishi kerak.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG