Germaniya rasmiylari yaqinda Toshkenda mintaqaviy xavfsizlik, Afg’oniston kelajagi kabi mavzularni muhokama qilgan bo’lsa, O’zbekiston Oliy Majlisi vakillaridan iborat delegatsiya Berlinga safar qilib, arboblar bilan uchrashdi.

Lekin aloqalarni yaqindan kuzatayotgan ekspertlar nazarida, inson haq-huquqlari va demokratik islohotlar bo’yicha hamkorlik susaygani hatto iqtisodiy rishtalarga ham salbiy ta’sir ko’rsatmoqda.

Germaniya Iqtisod vazirligi ma’lumotiga ko’ra, ikki davlat o’rtasidagi savdo aylanmasi 30 foizga qisqargan. Iqtisodiy hamkorlikdagi bu muammolar na Berlinni, na Toshkentni unchalik bezovta qilayotgan ko'rinadi.

Tomonlar bugun asosiy e’tiborni xavfsizlik, siyosiy aloqalarni mustahkamlashga qaratmoqda.

Germaniyada Markaziy Osiyo bo’yicha ekspert Vitaliy Volkov deydiki:

“O’zbekiston bilan munosabatlarda asosan Afg’oniston bo’yicha va siyosiy hamkorlik ko’zda tutilmoqda. Iqtisodiy aloqalarga doir muhokamalar deyarli yo’q. Nemis tadbirkorlari O’zbekistondagi sharoitdan qoniqishmayapti. Ular biznes uchun kafolat yo’qligi, konvertatsiya muammosidan norozi. Shu bois ayrim tadbirkorlar O’zbekistondan chiqib ketishmoqda”.

Germaniyaning Toshkentdagi elchisi Torsten Gyollerning mahalliy matbuotga aytishicha, Bonnda hukumatlararo maslahat kengashini o’tkazish rejalangan.

Bu tadbirda qanday masalalar muhokama qilinishi no’malum. Tomonlar o’zaro manfaatli deb bilgan yo’nalishlar tilga olinadi xolos.

Ayni paytda O’zbekiston parlamenti vakillaridan iborat delegatsiya Berlinda uchrashuvlar o’tkazmoqda. Bu uchrashuvlarda o’zaro muammoli masalalar ko’tarilishi ehtimoldan soqit qilinadi.

Vitaliy Volkovga ko’ra, nemis hukumati uchun O’zbekiston bilan munosabatlar haqida gapirish noqulay mavzulardan biri.

“Ayniqsa, rasmiy siyosiy doiralar, harbiylar Toshkent bilan hamkorlik haqida gapirishdan o’ta ehtiyotkor. Chunki amaldagi hukumatning O’zbekiston bilan munosabatlari, Toshkentga ko’rsatayotgan marhamati tanqid ostida. Agar Afg’onistondagi og’ir vaziyat inobatga olinsa, nemislar o’z harbiylarini xavotirsiz olib chiqish uchun O’zbekiston bilan hamkorlikka muhtoj. Faqat qo’shinlar chiqarilgandan keyingina Berlin Toshkentga nisbatan munosabatini qayta ko’rish chiqishi, inson huquqlari masalasiga e’tiborni kuchaytirishi, tanqid bilan chiqishi mumkin”, - deydi u.

Ekspertga ko’ra, 2014-yildan keyin Germaniya va O’zbekiston munosabatlari qanday kechishi, Germaniyaning Termizdagi harbiy bazasi taqdiri haqida ham gapirish qiyin.

O’zbekiston bilan harbiy hamkorlik masalasi yopiq mavzulardan biri bo’lib qolmoqda.

“Bilishimcha, nemis harbiylari O’zbekiston bilan hamkorlik kelajagi haqida gapirishni mutlaqo xohlashmaydi”, - deydi Volkov.

Germaniya matbuoti avvalroq federal hukumat o’z qo’shinlarini Afg’onistondan O’zbekiston orqali olib chiqilishi evaziga qurol-aslahaning bir qismini O’zbekistonda qoldirishi haqida yozgan edi.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG