Germaniya: Huquq tashkilotlari O'zbekiston yuzasidan ochiq xat yo'lladi

  • Amerika Ovozi

Germaniya: Huquq tashkilotlari O'zbekiston yuzasidan ochiq xat yo'lladi

Germaniya: Huquq tashkilotlari O'zbekiston yuzasidan ochiq xat yo'lladi

10-dekabr, Xalqaro inson huquqlari himoyasi kuni arafasida Germaniyada asoslangan olti tashkilot bu davlat rahbariga ochiq xat yo’lladi. O’zbekistonda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat ayanchli, deyiladi unda. Maktubda Germaniya kansleridan O’zbekiston bilan munosabatlarda inson huquqlariga ko’proq e’tibor berish so’raladi.

Ochiq xat 13 yoshli maktab o’quvchisi Bahodir Pardayev haqidagi ma’lumot bilan boshlanadi. Sentabr oyida sinfdoshlari bilan paxta dalasidan qaytayotganida uni avtomashina urib ketadi. U xushiga kelmay kasalxonada vafot etadi. Bu hol voyaga yetmagan bolalarning O’zbekiston paxta dalalarida majburiy ravishda ishlatilishi misoli sifatida keltirilgan.

“Har yili 1,5-2 million bola o'qituvchilari bilan birgalikda paxta terishga majbur qilinadi. Bu esa BMTning Bolalar huquqlari haqidagi konvensiyasi hamda Xalqaro Mehnat Tashkilotining Bolalar mehnatining eng ayanchli ko’rinishlari haqidagi 182-Konvensiyasiga ziddir”, - deyiladi maktubda.

Germaniya: Huquq tashkilotlari O'zbekiston yuzasidan ochiq xat yo'lladi

Germaniya: Huquq tashkilotlari O'zbekiston yuzasidan ochiq xat yo'lladi

Paxtani jahon bozorida, shu jumladan Germaniyaga pullayotgan O’zbekiston yiliga 1 milliard dollar daromad ko’radi, ammo mablag’ning bari hukumat rasmiylari cho’ntagiga tushadi va bu bilan avtoritar tuzum mustahkamlanadi, deya ta’kidlanadi.

So’ngra O’zbekiston turmalarida qiynoqlar sistematik va ommaviy tus olgani qayd etilib, 8-yillik qamoq jazosini o’tayotgan Dilshod Shohidovning qiynoqqa solingani haqidagi ma’lumotlar keltiriladi. Bundan oldin ham mahbuslarga azob berilgani va ayrimlari nobud bo’lgani aytiladi. Hozirda kamida 12 nafar faol va muxolifat a’zolari qamoqda. Ular ham qiynoqqa solinayotgan bo’lishi mumkin, deyiladi maktubda.

2005-yilgi Andijon qirg’inidan buyon O’zbekistonda inson huquqlari ahvoli yomonlashib bormoqda. Erkinlikni himoya qiluvchi tashkilotlar yopildi, mustaqil matbuot cheklandi, hatto BMTning qochqinlar masalasi bilan shug’ullanadigan agentligi respublikada faoliyat yurita olmaydi. BMTning ayrim rasmiylariga mamlakatga kirish man etilgan.

Vaholanki ayni vaqtda o’zbek paxtasini sotib olayotganlardan tortib to Afg’onistonga yuk tashiydigan NATO tashkiloti samolyotlarigacha – ular uchun mamlakat chegaralari ochiq. Qarabsizki, O’zbekiston hukumati inson huquqlarini poymol etishda davom etmoqda, qilmishlari uchun javobgarlikka tutilmayapti, deya yoziladi maktubda.

Kansler Angela Merkel

Kansler Angela Merkel

Kansler Angela Merkelga murojaat qilayotgan tashkilotlar Germaniyani inson huquqlari va bolalar huquqlari borasidagi majburiyatlariga rioya qilgan holda, O’zbekistonga nisbatan aniq talablar qo’yishga chaqiradi.

Talab va tavsiyalar quyidagicha:

- O’zbekiston bilan aloqalarda inson huquqlari borasida aniq, ochiq va faol siyosat yuriting. O’zbekistondan qamoqdagi barcha faollarni ozod etishni talab qilish kerak.

- O’zbekiston hukumati nodavlat tashkilotlarga faoliyat yuritish uchun ruxsat berib, BMT Maxsus vakillari bilan hamkorlik qilib, matbuot va so’z erkinligini ta’minlab, Xalqaro Mehnat Tashkilotining bolalar mehnati haqidagi konvensiyalariga rioya qilib, saylovlar xalqaro mezonlarga mos ravishda o’tishini ta’minlasin.

- Talablar bajarilmasa, O’zbekiston hukumatiga nisbatan keskin choralar ko’rish tavsiya etiladi. Xususan, kelasi yili paxta terimi davrida Xalqaro Mehnat Tahskiloti o’z vakillarini O’zbekiston dalalariga yuborishi va vaziyatni bevosita nazorat qilishi kerak.

- Respublika bilan paxta savdosi masalasida hozirgidek imtiyozli shartlardan voz kechish lozim.

- Va nihoyat, hukumatdan “Human Rights Watch” tashkilotining Toshkentdagi vakolatxonasini qayta ochishga ruxsat berishni talab qilish lozim.

Maktubni yo’llagan tashkilotlar o’rasida O’zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi, Yevropa Konstitutsion va Inson Huquqlari Markazi hamda “Dunyo uchun non” va boshqalar bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG