Breaking News

Germaniyada immigrantlarni ish bilan ta'minlaydigan dasturlar faol


Germaniyalik turklar
Germaniyalik turklar
Germaniyada turli millat va din vakillari yashaydi. Bundan uch yil avval kansler Angela Merkel davlat immigratsiya siyosatini samarasiz degani katta shov-shuvga sabab bo’lgan edi. O’shandan buyon muhojirlarga ish topishda, jamiyatning to’la huquqli a’zosiga aylanishida ko’maklashadigan turli dasturlar ish boshlagan. Shunday dasturlardan biri “Berlin senga muhtoj” deb nomlanadi.

Germaniyada immigrantlarni ish bilan ta'minlayotgan dasturlar/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:41 0:00
Yuklab oling


Oysha turkiyalik nemislardan, “Berlin senga muhtoj” nomli dastur orqali shahar ma’muriyatida ish topgan. To’rt yildirki, ushbu dastur ozchilikdagi elat vakillariga davlat muassasalarida ishga joylashishga ko’maklashadi.

Yaqinda muhim marra kesib o’tilgani e’lon qilindi – ishga joylashtirilganlarning 25 foizi immigrantlar.

Husayn El Ali va Jihad Yildiz ham suv ta’minoti tashkilotida amaliyot o’tab, endi shogird bo’lib ish boshlashga tayyor.

"Amaliyot paytida turli narsalarni o’rgandik, hech zerikmadik. Boshliqlarimiz ham yaxshi edi, savollarimizga sabr-toqat bilan javob berardi”, - deydi Jihad.

“Boshlig’imiz juda band bo’lsa-da, bizdan vaqtini ayamadi”, - deya suhbatga qo’shiladi Ali.

Germaniyaning eng katta kasalxonasi xodimi Sharlott Kruxoffer bizga immigrant talabalar kerak, deydi.

“Men o’zim asli daniyalikman, muhojir oiladan. Men bilan birga kasalxonada ishlaydiganlarning bari xodimlarimiz Berlin kabi rang-barang bo’lishi kerak degan fikrga qo’shiladi. Axir butun dunyodan odamlar bizda davolanadi. Xodimlarimiz ham shuni aks ettirishi kerak”, - deydi kasalxona ma’muri.

“Berlin senga muhtoj” tashkiloti xodimi Eyla Kadining aytishicha, o’qimagan oilalar farzandlari ham ish izlab murojaat qiladi.

“Ularning ota-onasi biror yerda o’qimagan, do’stu-birodarlari ham shu. Sanoatda ishlash ular uchun mutlaqo yot. Xuddi xorijiy mamlakatga borgandek”, - deydi Kadi.

Shahar politsiyasi ham dasturda ishtirok etayapti. Bu yili ishga olingan ofitserlarning beshdan bir qismi asli Turkiya, Vyetnam va Afrika mamlakatlaridan.

Politsiyachi Fotih Gyore turkiyalik nemislardan.

“Muhojir yoshlar orasida qiziqish katta. Politsiyada ishlashni istamaydigan odamlar ham bor, albatta. Lekin ko’plar bizda ishlab, yaxshi oylik olishni, jamiyatning to’laqonli a’zosi bo’lishni istaydi”, - deydi u.

Berlinda amal qilayotgan programma muvaffaqiyatli bo’lsa-da, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga a’zo 34 davlat orasida davlat muassasalarida ishlaydigan ozchilik vakillari soni bo’yicha Germaniya hamon oxirgi o’rinda qolmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG