Afg'on rahbari Kongressda so'zlab, Amerika xalqiga minnatdorchilik bildirdi

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani, AQSh Kongressi, 25-mart, 2015

Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani, AQSh Kongressi, 25-mart, 2015

Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani AQSh Kongressida so'zlab, Amerika va unga ittifoqchi davlatlarga minnatdorchilik bildirdi.

"Afg'on xalqi askarlaringiz jasoratini va Afg'oniston erkinligi yo'lida qilgan xizmatlarini yuqori baholaydi. Urushda halok bo'lgan 2350 dan ziyod erkak va ayol zobitlar, yaralanib qaytgan 20 mingdan ziyod askarlar va ularning oilalari oldida umrbod qarzdormiz", - dedi Ashraf G'ani.

Afg'oniston rahbari Vashingtonda martabali mehmon sifatida kutib olindi. Kongress oldida so'zlash xorijiy davlat rahbarlari uchun sharaf.

Qo'shma Shtatlar Afg'onistonda xizmat qilayotgan qariyb 10 ming askarini qoldirishga qaror qilgan. Bu haqda Ashraf G'ani bilan Oq uyda o'tgan muzokaralardan so'ng e'lon qilindi.

Amerika olib borayotgan eng uzoq urushni Prezident Baraka Obama tugatamiz deya ancha oldin va’da bergan.

Lekin Afg’oniston hamon notinch. 9800 amerikalik askar bu mamlakatda uzoqroq qoladigan bo’ldi.

“Afg’on qurolli kuchlari bizning ko’magimiz bilan oyoqqa turib olsa, bizning askarlarga hojat qolmaydi”, - deydi Obama.

Ashraf G’ani AQSh armiyasi uning mamlakatida uzoqroq qolib, mahalliy kuchlarga yordam berish va treninglarni davom ettirishni so’ragan. Bahor kelishi bilan toliblar yana hujumlarga zo’r beradi.

Kongress, 25-mart, 2015

Kongress, 25-mart, 2015

Vashingtonga safari chog’ida Ashraf G’ani Arlington milliy qabristonini ziyorat qilib, urushda halok bo’lgan noma’lum askar qabriga gulchambar qo’ydi. Oldingi rahbariyatdan farqli ravishda G’ani amerikalik soliq to’lovchilarga va harbiylarga minnatdorchilik bildirdi. Urushdan tobutda qaytgan minglab askarlar shu yerda ko’milgan.

“Fojia sabab bir yoqadan bosh chiqardik, manfaatlar bizni birlashtirib turibdi”, - deydi Afg'oniston rahbari.

Obamaning oldingi rejasiga binoan joriy yilda Afg’onistonda besh mingcha askar qolishi, 2016-yilda esa bu raqam mingga tushishi ko’zda tutilgan edi. Bazalarni butunlay yopish hamon rejada.

Kelasi yili qurolli kuchlar qanday jadval asosida, qanday tezlikda olib chiqilishi hali belgilanmagan. Afg’oniston armiyasi jang maydonida o’zini ko’rsatishiga qarab bir qarorga kelinadi, deydi rasmiylar.

Bugungi kunda Afg'oniston armiyasi 352 ming qo'shinga ega. Ular AQSh va boshqa davlatlar ajratgan moliya hisobiga treningdan o'tkaziladi, qurollantiriladi va maosh to'lanadi. Obama ma'muriyati shu maqsadda Kongressdan yana 800 million dollar ajratishni so'ramoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG