Qizlarni aniq fanlarga qiziqtirish oilada boshlanadi

  • Amerika Ovozi

"Ko'pincha qizlarni biror sohaga kirish yoki ilmiy daraja olishdan to'xtatib qoluvchi omil shuki, ular o'zlarini begonaday his qilishadi".

"Ko'pincha qizlarni biror sohaga kirish yoki ilmiy daraja olishdan to'xtatib qoluvchi omil shuki, ular o'zlarini begonaday his qilishadi".

Prezident Barak Obamaning besh yillik strategik rejasi aniq fanlarda ilg'or muallim va o'quvchilar sonini oshirishni ko'zlaydi. Statistikaga ko'ra, kelasi bir necha o'n yilda texnologiya, ilm-fan, muhandislik va matematikani egallagan mutaxassislarga talab oshib boradi.

Lekin hamma yoshlar ham bu sohalarga intilmaydi. Qizlar orasida masalan aniq fanlarga qiziqish u qadar kuchli emas. Nima uchun? Ota-onalar bolalikda bergan o'yinchoqlar katta bo'lganda kasbni tanlashga ta'sir qilar ekan.

Uch milliard dollar - Obama ma'muriyati yoshlarga aniq fanlarni o'qitish uchun shuncha sarmoya kiritmoqchi. Texnologiya, muhandislik, ilm-fan, matematikani chuqur o'rgatish uchun. Yaqin yillarda bu fanlarni bilgan mutaxassislarning bozori chaqqon bo'ladi.

Vaholanki, qizlar aniq fanlarga bolalarga qaraganda kamroq qiziqadi. Texnologiya, matematikani o'qiyotganlarning 25 foizi qizlar. Ta'lim vazirligidan Kamsi Makadams gap qizlar bu sohalarda sovuqqina qarshi olinishida bo'lishi mumkin, deydi:

"Ilm-fan, matematika, texnologiya, muhandislik sohalarida boshliq lavozimlarida kim o'tiribdi? Asosan, erkaklar. Biologiya istisno bo'lishi mumkin. Biz ayollar atrofda o'zimizga o'xshash insonlarni ko'rishni xohlaymiz. Ko'pincha odamlarni biror sohaga kirish yoki ilmiy daraja olishdan to'xtatib qoluvchi omil shuki, ular o'zlarini begonaday his qilishadi".

Muhandis Debi Sterling qizlar uchun muhandislik va quruvchilik yo'nalishida o'yinchoqlar yaratayapti. "Goldie Blox" nomli o'yin qizlarda o'lcham, hajm hissini charxlaydi; ularda qurilish, bunyodkorlik ko'nikmalarini tarbiyalaydi.

Qizlarni jalb qilish uchun Sterling "Goldi" ismli qahramonni yaratdi. "Barbi" qo'g'irchog'idan farqli Goldi go'zallik va moda ishqibozi emas. U zo'r suhbatdosh, muammolarni hal qila oladi va yaratuvchilik qobiliyatiga ega.

Yetti yoshli Mianing xonasida Babi o'yinchoqlarini, umuman, qizbolaga mos sanalgan o'yinchoqni topolmaysiz. Asbob-uskuna, g'ildirak, kubiklar va kashfiyotchilar jurnali ularning o'rnini egallagan. Mia besh yoshidan aniq fanlarga qiziqadi. "Goldie Blox" o'yini sotuvga chiqib yayrab qoldi:

"Buvim charx olib berganlarida rosa xursand bo'ldim. Qanaqa ishlashini o'rgangim keldi va ichini ochib yaxshilab tekshirdim. Internetda shu haqda videolarni topib ko'ra boshladim. Shunda onam so'rab qoldi: nega faqat tomosha qilib o'tiribsan, qo'lingga asbob olib yasamaysanmi, dedi. Menda uskuna yetarli emas edi. Onam kerakli hamma jihozlarni olib berdilar".

Garchi Amerikada qizlar uchun bunaqangi o'yinchoqlar e'tibor qozona boshlasa-da, Barbi hanuz ancha oldinda.

Mutaxassislarning aytishicha, "Lego" va "Goldie Blox" kabilar muhandislik va bunyodkorlikka qiziqishni oshirishi mumkin. Lekin bo'lg'usi muhandislarga ilhom berish hamon ota-onalarning zimmasida.

Ta'lim sifatini yaxshilaylik, ish sharoitini yaxshilaylik va muhandislik bo'yicha loyihalarga qizlarni ko'p jalb qilaylik, deydi ekspertlar. Shunda tobora ko'p qizlar kompyuter texnologiyasi, axborot texnologiyasi, fizika va muhandislikka kiradi.

"Goldi" o'yinchog'i "Barbi"dan farqli modaga qiziqmaydi. Yaxshi suhbatdosh, quruvchilik, bunyodkorlikdan xabari bor, muammolarni hal qila oladi.

"Goldi" o'yinchog'i "Barbi"dan farqli modaga qiziqmaydi. Yaxshi suhbatdosh, quruvchilik, bunyodkorlikdan xabari bor, muammolarni hal qila oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG