Iqtisodiy va ekologik muammolar - asosiy global tahdidlar

  • Amerika Ovozi

Jenevada joylashgan Jahon iqtisodiy forumi nomli tashkilotning yangi tahlilnomasiga ko’ra, iqtisodiy va ekologik muammolar insoniyat yuzlashayotgan asosiy xatardir. Reyting mingdan ziyod mutaxassis va sanoatchilar bilan suhbatlarga asoslanib tuzilgan.

Global tahdidlarga bag’ishlangan tahlilnomaga ko’ra, hanuz davom etayotgan iqtisodiy inqiroz sababli ko’plab mamlakatlar ekologik muammolarni hal qilishga ojiz. Dunyo bo’ylab boy va kambag’allar o’rtasidagi jarlik yanada kengayishi, hukumatlar qarzi kattalashib borishi bashorat qilinmoqda.

Mualliflardan biri Li Xauellning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, bugungi kunda ekologiyaga e’tibor past. Hammaning diqqati byudjet muammolarida.

“Tabiiy ofatlar tez-tez kuzatilayotganiga aslida atmosferani bulg’ayotgan gazlar sababchi. Iqlim o’zgarishiga tayyorlanmaslik jiddiy muammo, chunki xalqaro hamjamiyat ayni damda hammani tashvishlantirayotgan masalalar, xususan iqtisodga e’tibor qaratib, byudjet qanchaga yetishi va nimaga sarflanishi kerakligini o’ylayapti. Vaholanki, ekologik muammolarni hal etish uchun uzoq muddatli sarmoyalar zarur, infratuzilma yangilanishi kerak”, - deydi Xauell.

To’fon-u dovullardan tiklanishga millionlab dollar mablag’ sarflanyapti, lekin inqiroz paytida bunday loyihalarga qo’shimcha pul topish qiyin, deydi Li Xauell, kelajakni ko’zlashni tavsiya etib.

Jahon iqtisodiy forumi tahlilnomasida global tahdidlar iqtisod, ekologiya, geosiyosat, jamiyat va texnologiya singari kategoriyalarga bo’lingan. Hammasi bir-biriga bog’liq.

Masalan, organizmda antibiotik preparatlarga qarshilik kuchayayotgani ham xavf sifatida sanab o’tilgan.

“Bu intellektual mulk tizimidagi nuqsonlar bilan bog’liq masala. Qanday tibbiy preparatlar ustida izlanishlarni davom ettirish keragu, qaysilarini to’xtatish lozim? Ikkinchidan, agar global epidemiya boshlansa, antibiotiklar samaradorligi asosiy masalaga aylanadi. Epidemiya boshlansayu, uni davolaydigan dori bo’lmasa, haqiqiy fojia bo’ladi”, - deydi tadqiqot muharriri Li Xauell.

Tahlilnomada keltirilgan ma’lumotlardan shuni xulosa qilish mumkinki, global tahdidlarga yoshlarning e’tibori keksalarga qaraganda kuchliroq. Tezkor choralar ko’rish kerak, degan bayonotlar, ayniqsa, Shimoliy Amerikada balandroq yangramoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG