Ekspertlar: 2014-yilda dunyo iqtisodiyoti qaddini rostlab oladi

  • Amerika Ovozi

2014-yilda global iqtisodiy manzara ancha ijobiylashishi kutilmoqda. Yangi raqamlar shundan dalolat beradi.

Lekin Amerikada ishsizlik darajasi hamon baland. Yevropa moliyaviy tanazzuldan chiqib olgani yo’q. Xitoyda o’sish sur’ati pasayib borayapti.

Qo’shma Shtatlarda o’tgan oylar ichida minglab odam ishli bo’ldi. Mamlakat iqtisodi so’nggi ikki yilda eng tez sur’atda o’sayapti. Kongress yangi byudjetni ma’qulladi, demak 2014-yilda hukumat yopilishini kutmasa ham bo’ladi.

Partiyabozlikni bas qilsak, biznes muhit ham yaxshilanadi, deydi kichik bizneslar lobbichisi Jon Arensmayer:

“Hukumat yopilishiga olib kelgan siyosiy o’yinlar takrorlanmasa, 2013-yilga qaragabda yaxshiroq bo’ladi”.

O’nlab yillar davomida gurkirab o’sgan Xitoy iqtisodiyoti bugun biroz sekinlagan.

Bu davlatda ishlab chiqarish hajmi kelasi yillar ichida o’rtacha yetti foizga kengaysa ham mintaqa uchun bu yaxshi ko’rsatkich, deydi iqtisodchi Uri Dadush.

“Kelasi bir-ikki yilda o’sish sustroq, lekin Xitoy qator davlatlarni o’ziga ergashtira oladigan quvvatga ega”, - deydi u.

Mahsulotga talab oshib borayotgani Kambodja va Yaponiya uchun ijobiy yangilik. Yevropada esa muammolar talay. Yevropa komissiyasiga ko’ra, yevro pul birligi muomalada bo’lgan 18 davlatda bu yili ishsizlar safi kengayishini kutish mumkin.

Yirik moliyaviy madad evaziga sarfiyatni keskin qisqartirishga rozi bo’lgan mamlakatlar butun tizimga og’ir tushayapti, deydi Dadush.

“Italiya hanuz qarz iskanjasida. Ispaniya, Portugaliya va Irlandiya ham oyoqqa turib olishi uchun bir necha yil vaqt kerak”.

AQSh markaziy banki 2014-yilda o’sishni rag’batlantirishga qaratilgan moliyaviy dasturlarni qisqartira boshlaydi.

Xomashyo bahosi pasayishi kutilar ekan, iqtisodchilar bu mahsulotni eksport qiluvchi davlatlar ziyon ko’rishini aytmoqda.

“Bu davlatlar safida Braziliya va Hindiston. Shuningdek, Turkiya, Vengriya va Indoneziya”, - deydi Dadush.

Yaqin Sharqda qo’zg’olonlarni boshdan kechirgan, siyosiy jihatdan beqaror davlatlar 2014-yilda iqtisodiy muammolar bilan yuzlashadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti iqtisodchisi - Pinfan Xong:

“Shunga qaramasdan, umuman olganda global ko’rsatkichlar yomon emas. Dunyo iqtisodiyoti kelasi yili taxminan uch foizga o’sadi deb o’ylaymiz”.

2014 Afrika uchun yangi imkoniyatlar davri bo’ladi. Qit’a iqtisodiyoti 2013-yilda 4,8 foizga o’sgan bo’lsa, Afrika Taraqqiyot Banki o’sish sur’ati besh foizdan ham yuqori bo’lishini bashorat qilmoqda. Ayniqsa qishloq xo’jaligi, konchlik va xizmat ko’rsatish sohalarida.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG