Breaking News

AQSh diniy hisobotida Markaziy Osiyoning uch davlati qora ro'yxatda


AQSh Davlat departamentining global diniy erkinlik bo'yicha yillik hisobotida, xususan, dinni tahqirlashga doir qonunlar qabul qilgan mamlakatlar tanqidga uchradi.

"Bunday qonunlar tan olingan umumbashariy inson huquqlariga ziddir. Shakkoklik uchun o'lim jazosi belgilanadigan jamiyatlarda har bir fuqaro hujumga uchrashi mumkin, ayniqsa xotin-qizlar, ozchilikdagi guruhlar, kambag'allar", - deyiladi hujjatda.

Har yili chop etiladigan bu hisobotda yuzlab davlatlardagi diniy ahvol yoritiladi, qonunbuzarliklarga e'tibor qaratiladi. "Alohida xavotirga molik" ro'yxatdan quyidagi davlatlar o'rin oldi: Birma, Xitoy, Eritreya, Eron, Shimoliy Koreya, Saudiya Arabistoni, Sudan, Turkmaniston, Tojikiston va O'zbekiston.

Davlat departamentiga ko'ra, 2015-yilda ko'plab davlatlarda diniy guruhlar ustidan nazoratni kuchaytirish sa'y-harakatlari davom etdi, xususan noan'anaviy deb ko'rilgan jamoalar va diniy faoliyat ustidan.

E'tiqod erkinligini ashaddiy ravishda toptayotgan ikki guruh bu - "Islomiy davlat" va "Boko Haram".

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri "Islomiy davlat" o'z nazoratidagi hududlarda yazidiy, nasroniy va shia jamoalarga qarshi sodir etgan jinoyatlarni genotsidga qiyoslagan edi.

"Bu guruh qotillik, qiynoq, odam savdosi, jinsiy tajovuz kabi vahshiyliklarni sodir etgan", - deydi davlat kotibi muovini Entoni Blinken.

Fuqaroning erkin e'tiqod qilish huquqi keskin cheklangan Xitoyda hukumat protestant va katolik cherkovlarini buzishni buyurgani, 1500 dan ziyod xochlar olib tashlangani da'vo qilinadi.

Hujjatga ko'ra, Rossiyada pravoslav cherkovi uchun imtiyozlar bisyor, ammo musulmonlar, "Yaxova shohidlari" va boshqa diniy guruhlar faoliyati cheklanadi.

O'zbekiston 2006-yildan buyon "alohida tashvishga molik mamlakat" sifatida tilga olinadi. Ekstremizmga aloqadorlik aybi bilan qamash hollari davom etmoqda. Qamoqxonalarda bunday mahbuslar soni 5 mingdan 15 minggacha deb qayd etilgan.

Mamlakatda diniy faoliyat 1998-yilda qabul qilingan "Diniy tashkilotlar va vijdon erkinligi" to'g'risidagi qonun bilan tartibga solinadi. Diniy guruhlar ro'yxatdan o'tishi shart, siyosiy partiya yoki harakatlar tuzishi mumkin emas.

AQShning O'zbekistondagi elchisi va Davlat departamentidan diplomatlar O'zbekiston rasmiylari bilan uchrashuvlarda qator tavsiyalar bergan. Jumladan, diniy mahbuslarni ham yillik amnistiyaga kiritish va diniy faoliyatga qo'yilgan cheklovlarni biroz yengillashtirish.

Odatda qora ro'yxatga tushgan davlatlarga AQSh ba'zi turdagi yordamni cheklaydi. Biroq O'zbekiston mustasno tarzda sanksiyalardan xoli bo'lib kelmoqda.

AQSh davlat kotibi muovini Entoni Blinken hisobotni e'lon qildi (ingliz tilida):

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG