Breaking News

Vaksina ta'minotini yaxshilash yo'lida qadamlar


Vaksina ta'minotini yaxshilash yo'lida qadamlar
Vaksina ta'minotini yaxshilash yo'lida qadamlar

Jamoat va xususiy tashkilotlarni o’z ichiga olgan xalqaro konsortsium donorlardan 3,75 milliard dollar so’ramoqda. Maqsad 2015 yilgacha to’rt million bola hayotini asrab qolish.

Gap vaksina ta’minoti ustida ketmoqda. Tashabbus boshida jahondagi eng badavlat oilalardan biri Bill va Melinda Geyts turibdi.

Xalqaro tashkilotlarning qayd etishicha, vaksina tufayli yiliga ikki million odamning hayoti saqlab qolinmoqda. Uning miqdori oshirilsa va vosita arzonlashsa, to’rt million bola tirik qoladi, deydi mutaxassislar.

Kelasi 10 yilda Bill va Melinda Geyts Jamg’armasi Vaksina va Emlash bo’yicha Global Ittifoq bilan hamkorlikda mana shu ezgu ishni amalga oshirishga bel bog’lagan. Oddiy yuqumli kasalliklarga qarshi kurashib, o’lim hollarini kamaytirish mumkin.

Meksika
Meksika

Vaksina ishlab chiqarish va uning ta’minoti - murakkab masala. “Microsoft” kompaniyasi asoschisi, multi-milliarder Bill Geyts va uning rafiqasi mana shu sohani rivojlantirmoqchi, toki mahsulot arzonlashsin va uni olish osonlashsin.

“Vaksinaga talab bor joyda uni topish amri mahol",- deydi Nikol Beyts, Geyts jamg'armasi vakili.

"Uni yetkazib berish jarayonini soddalashtirish kerak. Chunki mana shu vosita millionlab go’daklar hayotini asrab qoladi. Hukumatlar bunga ko’proq e’tibor berishi kerak”.

Endilikda yirik farmatsevtika kompaniyalari qashshoq mamlakatlarga arzon vaksinalar yetkazib bermoqda. Suv toza emasligi, vitaminlar yetishmasligi sabab paydo bo’ladigan kasalliklarga qarshi emlash ishlari jadallashgan.

Keniya
Keniya

2020 yilgacha, deya bildiradi Geyts jamg’armasi, olti million bolani o’lim iskanjasidan olib qolish rejalangan. Vaksina va Emlash bo’yicha Global Ittifoq 72 davlatni vaksina bilan ta’minlaydi.

Bemorning qurbi yetmasa, qimmat mahsulot ishlab chiqarishdan ne foyda?

"Gap mana shunda",- deydi Deyvid Ferrera, global ittifoq vakili.

"Vaksina bahosi nazorat qilinishi kerak degan fikrdamiz. Odamlar to’lashga qiynalmasin. Eng zarur vositalardan biri ekan, hukumatlar va xususiy sektor ta’minotni qayta ko’rib chiqishi, bemor manfaatini ko’zlashi kerak”.

Biror yuqumli kasallikka qarshi yaratilgan vaksinani katta hajmda ishlab chiqarish 1 milliard dollargacha tushishi mumkin. Epidemiya avj olib, talab oshsa, bahosi yanada ko’tariladi.

Vaksina eng effektiv vosita deb qaralsa va uning foydasi bilan millionlab odamlar kasaldan omon qolsa, nega hukumatlar uning uchun ko’proq sarmoya qilmaydi?

Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkilotiga ko’ra, qizamiqqa qarshi global kurash 300 million dollar xarajat talab qilgan. Lekin kasallikning oldi olingani tufayli davlatlar 1 milliard dollar mablag’ni tejab qolmoqda.

Bill Geyts asos solgan jamg'arma global vaksina ta'minotini yaxshilash uchun milliardlab dollar sarflamoqda
Bill Geyts asos solgan jamg'arma global vaksina ta'minotini yaxshilash uchun milliardlab dollar sarflamoqda

Ammo vaksinani global yechim, tibbiy muammolar kaliti sifatida ko’rmaydiganlar ham bor.

Deyvid Ferrera fikricha esa uning kuchini rad eta olmaysiz.

“Vaksina aholini xavfli kasalliklardan asrashning eng effektiv yo’li. Bu qayta va qayta isbotlangan. Hukumatlar buni anglab yetishi, maxsus dasturlar ishlab chiqib, vaksina uchun ko’proq mablag’ ajratishi kerak. Bu har jihatdan muhim”.

Xushxabar shuki, davlatlar va yirik farmatsevtika kompaniyalari orasida bu borada hamkorlik kengayib bormoqda.

Meningit va pnevmoniya-zotiljamga qarshi vaksina bahosi bugun 50 sentdan tushgan. Geyts Jamg’rmasi hamda Vaksina va Emlash bo’yicha Global Ittifoq uni yanada arzonlashtirish harakatida. Donorlardan yanada saxiyroq bo’lishni so’ramoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG