Breaking News

Dunyo ahli ko'payar ekan, suv tanqisligi oshmoqda


Hech kim suvga zor bo'lmasin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:49 0:00

Hech kim suvga zor bo'lmasin

Yer yuzi aholisining to’rt milliardi, ya’ni har uch kishidan ikki nafari yetarli miqdorda ichimlik suviga ega emas. Bu oldingi taxminlardan ancha ko’proq. Yangi o’tkazilgan tadqiqotda taqdim etilgan ma’lumot va xulosalar hamda siyosatchilar va oddiy odamlarga suv iste’moli masalasida berilgan tavsiyalar suvga oid vaziyatni o’zgartirishi mumkin.

Efiopiyada kuchli qurg’oqchilik, hosil yo’q, suv kam, hayvonlar qirilib ketyapti. Asosan chaqaloqlar va yosh bolalar hayoti xavf ostida. Fotima Husayn iqlimi issiq va quruq Afar hududida yashaydi. Uyida yegulik qolmagani bois klinikaga keldi.

“Bolam och. Emizardim, ammo hozir emishga holi yo’q”, - deydi u.

Dunyo aholisi ko’payar ekan, oziq-ovqat va ichimlik suviga talab katta. Lekin suv kam. Tventa universiteti professori Aryen Xekstra mavzuga oid yangi tadqiqot o’tkazdi.

“Suv sathi pasaymoqda. Ko’llar kamaymoqda yoki mutlaqo qurimoqda. Daryolarda ham shu ahvol. Bu holatning ekosistemalar va biologik xilma-xillikka ta’siri katta, chunki odamlar yashaydigan joyga suv yetib bormayapti”, - deydi olim.

Ilgari o’tkazilgan tadiqiqotlardan farqli o’laroq, bu galgisi suv iste’molining yillik ko’rsatkichlari emas, har oydagisini qiyoslab boradi. Xulosalarga ko’ra, suvga ehtiyoji bor odamlar soni 2-3 milliarddan 4 milliardga yetadi. Ularning qariyb yarmi Xitoy va Hindiston aholisi. Ammo Meksika, Shimoliy Afrika, Janubiy Afrika, Yaqin Sharq hamda Amerika g’arbida ham suv taqchilligi katta muammo.

“Umumiy manzara biz uchun yangi emas, ammo ilgarigiga qaraganda bugunda aniqroq ma’lumotlarga ega bo’ldik, masalan, suvning qachon kamayishi, buning sabablarini o’rgandik”, - deydi Aryen Xekstra.

Uning aytishicha, izlanish mualliflari siyosatchilarga chora ko’rishda yordam berish uchun yangi mezonlar taklif etadi. Jamoatchilik uchun ham tavsiyalar bor.

“Odamlar har kuni, har damda qancha suv ishlatayotganini, ishlab chiqarilayotgan mahsulot uchun qancha suv sarflanayotganini bilishi kerak. Bilvosita aloqani ham tushunish lozim, masalan, kamroq go’sht iste’mol qilinganida ko’proq suv tejaladi”, - deydi tadqiqotchi.

Eng muhimi, suv iste’molini barqarorlashtirish lozim, bu xalqaro hamjamiyat oldida turgan katta vazifa, deydi Xekstra.

“Masalan, Jahon iqtisodiy forumida suv iqlim o’zgarishi barobarida eng jiddiy ekologik muammo va ustuvor masala sifatida belgilandi. Jahon iqtisodi uchun ham eng katta tahdid bu. Demak, suv zaxiralarining qiymatini aniqlab, ularni me’yor bilan taqsimlash va samarali foydalanish lozim”, - deydi u.

Xekstra yangi tadqiqot xulosalari suvni tejashga olib kelishiga va sayyoramizdagi suvga oid vaziyatni o’zgartirishiga umid qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG