Amerikada ish topish sirlarini o’rganayotgan muhojirlar


Amerikada ish topish sirlarini o’rganayotgan muhojirlar

Amerikada ish topish sirlarini o’rganayotgan muhojirlar

Amerikaliklar - saxiy xalq. Kiyim-kechak va uy-ro’zg’orda keraksiz barcha buyumlarni xayriya qilish bu mamlakatda odat.

Xayriya tashkilotlari, o’z navbatida, buyumlarni mamlakat bo’ylab o’z do’konlarida arzon narxda sotadi. Tushgan pul nogironlar va yo’qsillarga hamda muhojirlarga kasb-hunar o’rgatishga sarflanadi.

Virjiniya shtatining Arlington shahrida ana shunday tashkilotlardan biri joylashgan bo’lib, immigrantlarga ish topishda yordam beradi.

Perlin ismli madagaskarlik qiz Amerikaga ishchi viza bilan olti oy oldin kelgan. Yafet Deferesu esa Efiopiyadan. AQShda 30 yildan beri yashaydi.

Bir ko’zi ojizligi tufayli ish topishda qiynaladi. Yaqinda muhojirlar uch haftalik bepul kurslarni tamomlab, tig’iz mehnat bozorida ish topish sirlarini o’rgandi.

“Biz o’qigan kurslar ish qidiruvchilarga as qotadi. Muhojirlarga ham foydali, Amerikada ish topish sirlarini yaxshiroq tushunishlariga yordam beradi”, - deydi Perlin.

Perlin oliy ma’lumotli. Madagaskarda AQShga qarashli taraqqiyot agentligida ishlagan. Aynan shu sohada ishni davom ettirmoqchiman, deydi u. Deferesuning ishlamaganiga ko’p yil bo’ldi. Hisobchilik bilan shug’ullanmoqchi.

Arlingtondagi o’quv markazida ishga joylashish, suhbatdan o’tish, rezyume tayyorlash, o’z hunarini reklama qilish haqida saboq beriladi.

Markaz rahbari Liza Bauerning aytishicha, rezyume har xil davlatda turlicha yoziladi.

“Amerikada ish beruvchilar yutuqlaringiz haqida bilishni istaydi. Chetdan odam o’zini maqtayotganday tuyuladi. Ba’zi mamlakatlarda bu katta og’izlik sanaladi”, - deydi u.

Muhojirlar madaniyatiga xos ba’zi narsalar suhbat paytida ish beruvchilar tomonidan noto’g’ri talqin qilinishi, ish topishga halaqit berishi mumkin.

“Qo’lni qo’lga qo’yish Amerikada o’zgacha ma’no bildirishini bilmagan ekanman. Mening mamlakatimda bu “vujudim – quloq” degani. Bu yerda esa odam o’z qobig’iga kirib olgan deya talqin qilinarkan”, - deydi madagaskarlik qiz.

Deferesu suhbat paytida ish beruvchilar bilan muomalali bo’lish muhimligini tushundim, deydi.

“Anchadan beri suhbatda qatnashmagan edim. O’ziga yarasha ajoyib tajriba bo’ldi men uchun”.

Perlinning aytishicha, tashkilot kiyim-kechak bilan ham ta’minlamoqda.

“Menga kuponlar berishdi. Tashkilot do’konlariga borib arzon kiyim-kechak, poyabzal xarid qilishim mumkin”.

Dunyo bo’ylab 2,500 ga yaqin shunday do’konlar bor. Asosan Amerika va Kanadada. Karib dengizi, Lotin Amerikasi, Osiyoning 14 davlatida ham bor. Yaqinda Janubiy Koreya poytaxti Seulda ham yangi magazin ochishdi.

Tashkilotning xorijdagi faoliyatiga rahbar Jim Gibbons mijozlarning hunar va layoqatini imkon qadar realroq baholashga harakat qilamiz, deydi.

“Nogiron va muhojirlarga umid bag’ishlaymiz. Ularni o’qitib, muvaffaqiyat qozonishi uchun zarur ma’lumot bilan ta’minlaymiz”, - deydi Gibbons.

Perlin yaqin orada ish topishga umid qilmoqda. “Amerika keng imkoniyatlar diyori ekan shunday bo’lishiga imonim komil”, - deydi u.

XS
SM
MD
LG