Respublikachilar partiyasi qurultoyida nimalar kutilmoqda?

  • Amerika Ovozi

AQSh Maxfiy xizmati xodimlari prezidentlik uchun respublikachi nomzod Donald Trampni qo'riqlamoqda, Ogayo, 12-mart, 2016-yil.

AQSh Maxfiy xizmati xodimlari prezidentlik uchun respublikachi nomzod Donald Trampni qo'riqlamoqda, Ogayo, 12-mart, 2016-yil.

Bir necha kundan so’ng Ogayoning Klivlend shahrida Respublikachilar partiyasi syezdi o’tkaziladi. Butun mamlakat bo’ylab keladigan 3500 ga yaqin delegat prezidentlik saylovi uchun partiyaning yagona nomzodini tanlashi kerak.

Delegatlar turli yosh va sohalarga tegishli: orasida partiyaning keksa veteranlari hamda endi o’sib kelayotgan yangi avlod faollari ham bor.

Ularning joriy partiya yig’inidagi asosiy maqsadi bitta: saylovchilar prezidentlik uchun tanlagan odamni rasman nomzod sifatida e’lon qilish.

Odatda, delegatlar partiya a’zolari o’rtasida o’tgan saylovlarda g’olib chiqqan nomzodni tanlashadi. Ammo kutilmagan voqea va bahslarga boy bo’lgan bu yilgi saylovda delegatlarning amaldagi partiya nomzodi Donald Trampni qo’llab-quvvatlashi haqida oldindan aniq aytib bo’lmaydi.

Trampga qarshilik

Barcha raqiblarini dog’da qoldirib yagona nomzodiga aylangan milliarder Donald Tramp partiya orasida keskin bo’linishlarga ham sabab bo’ldi.

Undan norozilarning sabablari turlicha: ayrimlar Trampning haqiqiy konservativ ekaniga shubha qiladi. Ba’zilar uning agressiv va oldindan bilib bo’lmaydigan xarakteridan xavotirda. Boshqalar esa real voqealikka qarab, ommaviy so’rovlarda demokrat raqibi Hillari Klintondan orqada ketayotgan Trampning g’alaba qozonishiga ishonmaydi.

Sabablar turli xil bo'lishi mumkin, ammo partiya ichida Trampga qarshi norozilik kuchli ekani aniq.

Delegatlar fikrini o'zgartirish

Ayrimlar Trampning yo'lini to'sish uchun istalgan narsani qilishga tayyor. Kerak bo'lsa, ular partiya qoidalarini ham o'zgartirishdan toymaydi.

Buning yo'llaridan biri delegatlarni unga ovoz berishdan qaytarish. Odatda, delegatlar xalq tanlagan nomzodni yoqlashi kerak. Lekin ular o'z vijdonlariga ergashib, boshqa odamni tavsiya qilishi ham mumkin. Ayrimlar Trampga nomzodlikni bermaslikning shu yo'li haqida o'ylamoqda.

Buning uchun, avvalo, qurultoy qoidalari qo'mitasining roziligini olish kerak.

Qo'mitaning 112 a'zosidan kamida 28 tasi yoqlasa, delegatlar o'zlari xohlagan odamga ovoz berishiga ruxsat tegishi mumkin. Shundan so'ng bu qoida anjumanda ovozga qo'yiladi. Unda delegatlarnig aksariyati yetkchi nomzodga bog'liq emasliklarini e'lon qilishi kerak.

Bu esa Tramp uchun qiyomat qoyim degani.

Partiya bo'linishi mumkinmi?

Agar delegatlar istagan odamlariga ovoz berishlarini elon qilsa, dahshatli partiya bo'linishi ro'y beradi, deydi qoidalar qo'mitasi a'zosi Morton Blekvel.

"Bu falokatning o'zginasi, - deydi u . - Va adolatdan ham emas. Chunki shtat yig'inlari va partiya saylovlari shu qoidalar asosida o'tgan".

Partiya yetakchilari va Tramp tarafdorlari delegatlar isyon ko'tarmasligi uchun barcha choralarni ko'rmoqda. Shu maqsadda ular partiya birligi va barqarorligini saqlab qolish kerakligi haqida bot-bot gapirishmoqda.

Tramp tarafdori, Respublikachilar milliy qo'mitasi a'zosi Bil Palatuchchining aytishicha, Trampga qarshilar qoidalarni o'zgartirish uchun 28 a'zo ovozini to'plagani bilan, anjumandan uni o’tkaza olmaydi. Hech kim o'yin ortasida qoidalarni o'zgartirishni xohlamaydi, deydi u.

Notinchlik

Agar delegatlar Tramp nomzodini to'sishga erishsa, nima bo'ladi, degan xavotirlar ham bor. Allaqachon partiya anjumani bo'ladigan bino tashqarisida katta namoyishlar o'tkazish rejalangan. Tramp ham tarafdorlarini yig'ishi haqida ogohlantirgan. Tramp borgan joyda doim to'polon bo'lishi xavotirlarni yanada oshirmoqda.

Arizonalik delegat, senator Ted Kruz kampaniyasida ishlagan Konstantin Kyurard allaqachon tahdidlar boshlanganini aytadi.

Anjuman yaqinlashar ekan, nafratga asoslangan xatlar olyapmiz, hatto o'lim tahdidlari bo'lyapti, deydi u.

Trampdan boshqa nomzodlar bormi?

Yana bir masala shuki, Trampdan boshqa muqobil nomzodning o'zi yo'q. Partiya saylovlarida ikkinchi o'rinni olgan Ted Kruz bo'lishi mumkin, ammo uning o'zi Trampga qarshi delegatlarga qo'shilgani yo'q. Ayni paytda u haligacha Trampni qo'llab-quvvatlamadi. Shunga qaramay, sobiq nomzod u bilan aloqalarni iliqlashtirish sari qadam tashlagan.

Shunday ekan, bu siyosiy bo'shliq ko'pchilikni, xohlamasa ham, Tramp uchun ovoz berishga majburlaydi, deydi kuzatuvchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG