Gretsiyada referendum, qarz masalasi ovozga qo'yildi

  • Amerika Ovozi

Gretsiyada bugun mamlakatning iqtisodiy-siyosiy kelajagini hal qiluvchi referendum o'tdi. Qarzga botgan o'lka rahbarlari kreditor davlatlardan yana qarz olish-olmaslik masalasini kutilmaganda ovozga qo'ygan.

Bosh vazir Aleksis Tsipras soliqlarni oshirish va xarajatlarni keskin qisqartirish kabi kreditorlar qo'yayotgan talablarni rad eting, deya yurtdoshlariga murojaat qilgan edi.

Referendumning dastlabki natijalariga qaraganda, aksar greklar bosh vazir bilan hamfikr.

"Xalq xohish-istagini hech kim rad eta olmaydi. Yevropa davlati sifatida munosib hayot kechirishga, o'z taqdirimizni o'zimiz hal qilishga haqlimiz", - deydi Tsipras.

Mamlakatda ishsizlik sur'ati oshib, turmush darajasi keskin pasayib ketganida ko'pchilik Yevropa Ittifoqini ayblaydi.

Moliya vaziri Yanis Varufakis xalqaro kreditorlar uning davlatiga qo'yayotgan shart-talablarni hatto terrorizmga qiyoslagan. Bryussel va troykaning maqsadi bizni sharmanda qilish, dedi u, moliyaviy tashkilotlarga ishora qilib.

Vazir fikricha, tomonlar qarz masalasida kelishib olishga majbur chunki aks holda inqiroz hammaga qimmatga tushadi. "Gretsiyaning qulashi bir trillion yevro zarar degani, Yevropa bunga yo'l qo'ymaydi", - deydi Varufakis.

Boshqalar nazarida esa Gretsiya yevrozonada qolishni istasa, talablarni bajarishdan boshqa yo'l yo'q.

Mamlakatda banklar bir necha kundan beri yopiq. Bankomatlardan pul yechib olishga cheklovlar joriy etilgan. Supermarketlarda oziq-ovqat rastalari bo'shab borayotgani xabar qilinadi.

Gretsiya 30-iyun kuni Xalqaro valyuta jamg'armasiga 1.8 milliard dollarga teng qarzini to'lay olmadi. O'tgan besh yil ichida yalpi ichki mahsulot hajmi 25 foizga qisqargan, mamlakatda ishsizlik sur'ati ham 25 foizdan yuqori.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG