Gretsiya islohot dasturini referendumga qo'ymoqchi, kreditorlar norozi

  • Amerika Ovozi

Gretsiya bosh vaziri xalqaro kreditorlar bilan kechayotgan muzokaralar natijasini referendumga qo'yamiz, deya e'lon qildi.

"Referendum 5-iyulda o'tishi haqida Gretsiya va Fransiya prezidentlari, Germaniya kansleri hamda Yevropa Markaziy bankini xabardor qildim. Grek xalqi o'z xohish-irodasini bosimsiz, demokratik ravishda bayon qilishi uchun imkoniyat berishni so'rayman", - dedi Bosh vazir Aleksis Tsipras televideniye orqali qilgan murojaatida.

Gretsiya 30-iyun kuni Xalqaro valyuta jamg'armasiga qariyb 2 milliard dollarlik qarzini qaytarishi kerak. Buning uchun kreditor davlatlardan 8 milliard dollarga teng ko'mak olishga harakat qilayapti. Shart shuki, Afina nafaqat soliqlarni oshirishi, balki xarajatlarni, pensiya va maoshlarni keskin kamaytirishga rozi bo'lishi darkor.

Bosh vazir Tsiprasga ko'ra, Gretsiya bunday misli ko'rilmagan shartlar va haddan ziyod tejamkorlik oqibatida moliyaviy va ijtimoiy jihatdan oyoqqa tura olmaydigan bir davlatga aylanadi.

Ammo qarzini to'lay olmasa Gretsiya defoltga uchrab, yevrozonani tark etishi va iqtisodiy krizis butun Yevropani qamrab olishi mumkin.

Referendum haqidagi kutilmagan e'lon Yevropa moliya vazirlari tomonidan salbiy qarshi olindi. Bugun ular Bryusselda favqulodda majlisga yig'ilgan. Islohot shartlari ovozga qo'yilsa, deydi vazirlar, Afinaga ko'mak uzatish muzokaralari ham to'xtaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG