Kreditorlar Gretsiya qarzidan kechmaydi

  • Amerika Ovozi

Gretsiya yangi Bosh vaziri Aleksas Tsipras

Gretsiya yangi Bosh vaziri Aleksas Tsipras

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar moliya vazirlari Bryusselda majlis qilib, Gretsiyadagi moliyaviy vaziyatni muhokama qildi. Bu mamlakatdagi parlament saylovlaridan so’ng hokimiyatga kelgan “Siriza” partiyasi kreditorlardan qarzining bir qismidan kechishni so’ramoqchi, ammo Yevropa Ittifoqi rozi emas.​

Yevrozonaga kiruvchi 19 mamlakat moliya vazirlari kengashi raisi, Niderlandiya Moliya vaziri Yerun Deyselblum Gretsiyaga qarzni uzish muddatini uzaytirish bo’yicha gaplashishga tayyormiz, ammo qarzdan kechmaymiz, deydi.

"Yangi hukumat oldida talaygina ishlar turganini tushunamiz va uni qo’llab-quvvatlaymiz. Yevrozonaga kirgan mamlakatlar uning talab-qoidalariga rioya qilishi kerak. Qarzdan voz kechishga hech kim tayyor emas", - deydi Deyselblum.

Gretsiya yangi Bosh vaziri Aleksis Tsipras uning “Siriza” partiyasi parlamentda millatchi guruh bilan koalitsion hukumat tuzmoqchi ekanini e’lon qilgan.​

“Siriza” saylov kampaniyasi davrida Gretsiyaga qarz olish uchun qo’yilgan keskin talablarga qarshi chiqqani hamda ularni yumshatishga harakat qilishga va’da bergani uchun g’alaba qozongani aytiladi. Yevropa Ittifoqining eng boy mamlakati Germaniya Gretsiya qarzining bekor qilinishiga qarshi.​

Yevrozonaga kirmagan Britaniya Moliya vaziri Jorj Ozborn Gretsiya hukumatini mas’uliyatli bo’lishga chaqirdi.

"Yangi hukumat ba’zi va’dalarining ustidan chiqa olmasligi mumkin. Masalan, ijtimoiy himoyaga ko’p pul kerak. Bu yevrozona a’zolariga qo’yilayotgan talablarga zid va’dalar”, - deydi Ozborn.​

Gretsiya qiyin moliyaviy ahvolga tushganida xalqaro moliyaviy institutlar unga og’ir talablar qo’yib, inqirozdan chiqishga pul bergan edi. Davlat xizmatchilari maoshini kesish, soliqlarni ko’paytirish, ijtimoiy dasturlarni qisqartirish ana shunday talablardan bo'lgan.

“Siriza” esa saylov kampaniyasi paytida ularga qarshi chiqdi. Uning saylov dasturini ana shunday talablar bilan moliyaviy yordam olgan Portugaliya ham qo’llab-quvvatlamoqda.

Fransiya Prezidenti Fransua Olland “Siriza”ni g’alaba bilan tabriklab, yangi hukumatga hamkorlik va yordam va’da qildi. Fransiyada Yevropa Ittifoqiga qarshi ultra so’l va ultra o’ng qanot partiyalar ham “Siriza” g’alabasini olqishladi.

Milliy front partiyasi lideri Mari Le Pen buni Yevropa yuziga “demokratik tarsaki” deya ta’rifladi.

Gretsiyada yangi hukumat shakllanar ekan, moliyaviy inqirozdan chiqish uchun xalqaro kreditorlardan qarz olish qarorini tanqid qilgan iqtisodchi Yanis Varufakis moliya vaziri etib tayinlandi.

Bundan keyin kreditorlar, ya’ni Yevropa Ittifoqi, Xalqaro valyuta jamg’armasi, Yevropa markaziy banki bilan muzokaralarni aynan Varufakis olib boradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG