Referendum ortidan Gretsiya moliya vaziri iste'foga chiqdi

  • Amerika Ovozi

Gretsiya Moliya vaziri Yanis Varufakis, 5-iyul, 2015-yil

Gretsiya Moliya vaziri Yanis Varufakis, 5-iyul, 2015-yil

Gretsiyada o’tgan referendumda aksariyat aholi Yevropa talablariga “yo’q” degan. Shunday bo’lsa ham Moliya vaziri Yanis Varufakis iste’foga chiqishini ma’lum qildi. Uning qarori kutilmagan hol bo’ldi. Varufakis xalq referendumda Yevropa talablarini qabul qilsagina hukumatdan ketishini aytgan edi.

Yanis Varufakis Yevropa Ittifoqi bilan kechgan muzokaralarda kreditorlarning talablarini keskin rad qilib kelayotgan edi. U hatto ittifoq shartlarini terrorizmga qiyosladi. Bosh vazir Aleksis Tsipras qiyin sharoitlarda hukumat mavqeini va grek xalqi manfaatlarini astoydil himoya qilgani uchun moliya vaziriga minnatdorchilik bildirdi.

Referendum natijalariga ko’ra, 61 foiz aholi xarajatlarni qisqartirish evaziga beriladigan moliyaviy yordamga qarshi ovoz berdi. Agar dastur referendumdan o’tmasa, Bryussel Gretsiyaning yevrozonadan chiqib ketishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

Muxolifat Tsiprasni mamlakat kelajagini xavf ostiga qo’yayotganlikda ayblamoqda. Yevropa Ittifoqi tarkibida qolishni va referendumda “ha” deb javob berishni targ’ib qilgan Yangi demokratiya partiyasi yetakchisi Antonis Samaras ovoz berish natijalari e’lon qilinishi ortidan iste’foga chiqdi.

Kreditorlarning bundan buyon Gretsiya bilan muzokaralarni qanday olib borishi ma’lum emas. O’tgan hafta Afina Xalqaro valyuta jamg’armasiga 1,8 milliard dollar qarzini vaqtida to’lay olmagach, yevrozona yetakchilari Gretsiyani ittifoqni tark etishni istayotganlikda ayblagan edi.

Referendum natijalari e’lon qilingach, minglab greklar poytaxtdagi maydonga yig’ilib, o’z xursandchiligini nishonlagan. Rasmiylarning aytishicha, saylovga layoqatli aholining 62 foizi ovoz bergan.

Agar Gretsiya Yevropa Ittifoqini tark etsa, o’zining eski milliy valyutasi - draxmaga qaytishi kerak bo’ladi. Bu esa iqtisodiyotning yanada yomonlashishiga yetaklaydi, deydi kuzatuvchilar.

Yevropa yetakchilari Afinani iqtisodiy islohotlarni amalga oshirmayotganlikda ayblasa, Gretsiya kreditor talablarini bajarish uchun allaqachon ko’p qurbonliklar berganini aytadi.

Fransiyaning Yevropa masalalari bo’yica vaziri Harlem Desir so’zlariga ko’ra, referendumda “yo’q” deb ovoz berilgani Gretsiyaning ittifoqni tark etish niyatida ekanini bildirmaydi, aksincha, muzokaralarni jiddiy asosda qayta boshlash lozimligini ko’rsatadi.

Yevropa komissiyasi referendum natijalarini hurmat qilishini bildirdi. Ittifoq a’zolari ertaga Gretsiya masalasini muhokama qilish uchun yig’iladi.

Germaniya kansleri Angela Merkel va Fransiya Prezidenti Fransua Olland ham ovoz berish natijalari hurmat qilinishi lozimligini ta’kidlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG