"Grin karta" g'oliblari uchun foydali maslahatlar

  • Amerika Ovozi

“Amerika ovozi”ga AQShda doimiy yashash huquqini beruvchi “Grin karta” lotereya dasturi haqida ko’plab savollar keladi. Biz ularga javob berish maqsadida lotereyada g’olib bo’lganlar va dasturda qatnashayotganlar bilishi lozim bo’lgan muhim huquqiy ma’lumotlarni jamlab, saytimizga qo’yishga qaror qildik. Quyida shu maqolani e’tiboringizga havola qilamiz.

AQSh hukumati tomonidan e’lon qilingan “DV Lottery” dasturi har yili dunyoning ko’plab mamlakatlaridan minglab odamlarga AQShga kelib yashash orzusini ro’yobga chiqarish imkoniyatini beradi. Dasturda qatnashish juda oddiy. Davlat departamentiga qarashli maxsus veb sahifasida ro’yxatdan o’tib, hujat topshirish lozim. Hujjatlar har yili bir oy davomida, oktabrdan noyabr oyigacha davom etadi. Dasturda ishtirok etish tartibi haqida AQShning O’zbekistondagi elchixonasida o’zbek tilida batafsil ma’lumot berilgan. Ushbu maqolada biz, asosan, lotereyada g’olib bo’lganlarda tug’iladigan turli savollarga javob topishga harakat qilamiz.

Qatnashchilar, avvalo, lotereyada g’olib bo’lgan yoki bo’lmaganligini tekshirishi uchun “DV Lottery” dasturiga ariza topshirgan mahal berilgan tasdiq xatiga ega bo’lishi kerak. Ushbu xatdagi tasdiq nomerini AQSh Davlat departamentining maxsus veb sahifasiga kiritib, lotereyada yutgan yoki yutmaganligingizni aniqlashingiz mumkin.

Arizachi maqomini tekshirish sahifasi (Entrant Status Check) lotereyada yutgan yoki yutmaganligingizni bilishning yagona yo’li. 2016-yil uchun o’ynalgan lotereya natijalarini 2016-yil 30-sentabrgacha tekshirish mumkin. 2015-yil uchun topshirilgan arizalarni tekshirish esa shu yilning 30-sentabrigacha davom etadi. 2017-yil uchun arizalarni qabul qilish shu yil oktabr oyidan boshlanadi.

Agar lotereya g’oliblaridan biri bo’lsangiz, vebsayt sizga ushbu bosqichdan keyin nima qilish kerakligi haqida ma’lumotlarni taqdim etadi. Kentaki Konsullik markazi g’oliblarga lotereya natijalarini pochta yoki elektron pochta orqali yubormaydi.

Agar tasdiq xatini yo’qotgan bo’lsangiz, lotereya natijasi haqida ma’lumot olishning boshqa iloji yo’q. Kentaki Konsullik markazi arizachilarga tasdiq xatini qayta yubormaydi. Shuning uchun ham tasdiq xatini ishonarli joyda saqlab qo’yish o’ta muhim hisoblanadi.

DV dasturida qancha kishi g’olib bo’lishi mumkin?

Dastur uchun har yili o’rtacha 50 ming viza ajratiladi. DV lotereya dasturida g’olib deb topilganingiz bilan, 50 mingta va’da qilingan vizalardan birini olish sizga nasib qilmasligi mumkin. Chunki lotereya natijalari e’lon qilingach, har oy viza olish uchun hujjatlari tayyor arizachilarga viza beriladi. 50 ming viza g’oliblarga berib bo’lingach, dastur o’z ishini yakunlaydi. Lotereyada g’olib bo’lish sizga viza olishni kafolatlamaydi, bu shunchaki viza olish uchun maqomingiz yaroqli ekanligini bildiradi. Ba’zi bir sabablarga ko’ra, hujjatlaringizni o’z vaqtida yoki tezroq tayyorlab ulgurmasangiz, va’da qilingan 50 ming viza tugab ketishi va natijada siz lotereya g’olib bo’lsangiz ham, viza ololmasligingiz mumkin. Shuning uchun ham lotereyada g’olib deb topilganlarga viza hujjatlarini darhol tayyorlashlari tavsiya qilinadi.

Lotereya natijasi chiqqandan so’ng, viza olish uchun qancha vaqt ketadi?

Lotereya g’oliblari, odatda, yilning oktabridan kelasi yil sentabr oyi oxirigacha bo’lgan muddat oralig’ida viza olish uchun hujjat topshirishlari mumkin. Viza olishni belgilangan muddatdan keyinga surishga ruxsat berilmaydi. 30-sentabrgacha viza olib ulgurmagan g’oliblar keyingi yil viza olish imkoniyatidan mahrum bo’ladi. Shuningdek, arizachiga hamroh bo’lgan arizachinig eri yoki xotini va farzandlari ham yuqorida ko’rsatilgan muddat ichida viza olib ulgurishi shart.

Lotereya g’olibi uylansa yoki turmushga chiqsa nima bo’ladi?

DV lotereyasini yutgandan so’ng arizadagi maqomlardan birortasi, masalan, yashash joyi o’zgarsa, turmush qursa yoki uylansa, farzandli bo’lsa, g’olib Kentaki Konsullik markazini bu haqda xabardor qilishi lozim.

Bundan tashqari, g’olib eri, xotini yoki yangi tug’ilgan farzandi uchun immigratsiya bojini to’lashi kerak. Arizaga qo’shilgan yangi a’zo ham “DS 230” formasini to’ldirishi lozim.

Turli xil qallobliklarning oldini olish uchun AQSh hukumati lotereya yutganidan so’ng uylangan/turmush qurgan g’oliblarni jiddiy tekshiruvdan o’tkazadi.

Lotereya g’olibi AQShda bo’lsa, muhojirlik maqomini AQShdan turib o’zgartirishi mumkinmi?

AQShda bo’lgan lotereya g’oliblari AQSh Fuqarolik va Immigratsiya xizmatiga ariza topshirib, AQShda doimiy yashovchi maqomini olishi mumkin. Ariza bir muncha uzoq vaqtga cho’zilishi mumkin. Bu muddat davomida arizachiga va unga arizada hamroh bo’lganlarga (eri yoki xotiniga) ishlash uchun ruxsat beriladi va sayohat hujjatlariga ega bo’lishi mumkin.

Lotereya natijalari chiqqan paytda g’olib xorijiy davlatda bo’lsa, qanday vizaga hujjat topshirishi kerak?

Xorijda bo’lgan g’olib AQShning xorijdagi konsullik bo’limi yoki elchixonasida muhojirlik vizasi uchun hujjat topshirishi mumkin. G’olib viza olish uchun hujjatlarni topshirsagina belgilangan miqdordagi bojni to’lashi lozim bo’ladi.

AQSh konsullik muassasasida viza uchun hujjat topshirgan har bir arizachi va unga hamroh bo’lgan oila a’zolari muhojirlik vizasi bojini to’lashi lozim bo’ladi. Ikkala boj ham, agar viza berish rad etilsa, qaytarib berilmaydi. Viza berilsa, viza qo’yilganligi uchun alohida boj har bir viza uchun olinadi.

Viza olish uchun ariza g’olib tug’ilgan davlatdagi yoki oxirgi yashayotgan xorijiy mamlakatidagi AQSh elchixonasi yoki konsullik muassasasida topshirilishi kerak. Xorijiy davlatda viza uchun hujjat topshirayotgan g’oliblar Kentaki Konsullik markazidan belgilangan viza uchrashuvidan 4 yoki 6 haftagacha oldin bo’lgan muddatda uchrashuv belgilanganligi haqida xat oladi.

Xorijda vizaga hujjat topshirish jarayoni AQShda turib muhojirlik maqomini o’zgartirish jarayoniga qaraganda qisqa vaqt oladi.

AQSh hukumati DV lotereyasi g’oliblariga moliyaviy yoki boshqa biror ko’rinishdagi, masalan, safar xarajatlari, ish topish, sog’liqni saqlash, uy-joy topish va ularning xarajatini qoplash bo’yicha hech qanday yordam bermaydi. Muhojirlik vizasini olish paytida, har bir g’olib AQShda ishlab, yashab keta olishga qodirligini va AQSh davlati yordamiga tayanmasligini isbotlashi lozim bo’ladi. Buning uchun shaxsiy hisobingizda qancha miqdorda pul va boshqa mulkingiz mavjudligini ko’rsatishingiz, AQShdagi qarindosh yoki do’stlaringizning sizga yuborgan ish taklifi xatlarini ko’rsatishingiz lozim bo’ladi.

Ushbu mavzu bo'yicha sizda yana qo'shimcha savollar bo'lsa, ularni bevosita AQSh elchixonasiga yuborishingiz mumkin. Buning uchun murojaatingizni TashkentIV@state.gov elektron pochta manziliga yuboring. Xatingizda quyida talab etilgan ma’lumotlar bo‘lishi va mular quyidagi tartibda bo‘lishi kerak:

1) Murojaatchining to‘liq ismi va familiyasi;

2) Murojaatchining tug‘ilgan sanasi;

3) Ish (keys) raqami (agar bo'lsa);

4) Siz bilan bog‘lanish mumkin bo‘lgan telefon raqami;

5) Siz bilan bog‘lanish mumkin bo‘lgan elektron pochta manzili;

6) Savolingiz.

Maqola “Tashabbus” nodavlat huquqiy tashkiloti bilan hamkorlikda tayyorlandi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG