Breaking News

Yashillar partiyasi nomzodi prezidentlikka ko'z tikkan


Jill Stayn - Yashillar partiyasidan prezidentlikka nomzod
Jill Stayn - Yashillar partiyasidan prezidentlikka nomzod

Yashillar partiyasidan prezidentlikka nomzod Jill Stayn AQShning keyingi prezidenti bo’la olishiga ishonadi.

"CNN" telekanali uyushtirgan tadbirda Steyn demokrat nomzod Hillari Klinton faoliyatini “xavotirli” deb baholadi, respublikachi nomzod Donald Trampni esa “immigrantlarni yomonlaydigan, ksenofob va baqiroq irqchi” deb atadi.

“Donald Tramp prezident etib saylansa, kechalari uxlolmay chiqaman. Hillari Klinton saylansa ham uyqumni yo’qotishim aniq”, - deydi u.

AQShda prezidentlik uchun nomzodni turli partiyalar ilgari surishi mumkin, ammo shu kungacha amalda ikki bosh partiya nomzodidan biri saylanib kelgan. Stayn vaziyatni o’zgartirmoqchi.

2000-yilda Yashillar partiyasi nomzodi Ralf Nader ovozlarning uch foizini olgan edi. Biroq natijada demokrat nomzod Al Gor prezidentlikni respublikachi Jorj Bushga boy bergan. Aks holda Nader uchun ovoz berganlar Gorni afzal ko’rishi va bu bilan uning g’alabasini kafolatlashi mumkin edi. Bu yilgi saylovda unday vaziyat yuzaga kelmaydi, ishonadi Steyn.

“Ovozlar bo’linmaydi, aksincha o’zgaradi. Imkoniyatlar kam deb ko’rilgan nomzod aslida g’olib bo’lishga loyiq. O’z ishonchlarimizni himoya qilishga jur’at etsak, u nomzod g’alaba qozona oladi”, - deydi Yashillar vakili.

Steyn 43 million yosh saylovchini o’z tarafiga og’dirishning yo’lini topganini aytadi: kollejlarda o'qishga olingan kreditlar bo’yicha qarzlarni bekor qilmoqchi. Oqibatda hozirda har oy qarzini to’lash haqida o’ylayotgan amerikaliklar pulni boshqa narsalarga sarflaydi, iqtisod o’sadi, ishonadi nomzod.

“Ular juda yomon ahvolda. Butun jamiyat ahvoli og’ir, chunki aslida yoshlar -iqtisodiy o’sishni, kelajakdagi farovonlikni va jamiyatdagi o’zgarishlarni belgilaydigan kuch”, - deydi u.

Staynning boshqa takliflari: 2030-yilga borib energetika sohasini qayta tiklanadigan energiya manbalariga o’tkazish; harbiy byudjetni 50 foizga kamaytirish, dronlarni qo’llashni bas qilish va AQShning xorijdagi bazalarini yopish.

Jill Stayn portreti
Jill Stayn portreti

“Oliy ta’limni bepul qilish, tibbiy sug’urtaga ega bo’lish inson huquqi ekanini tan olish, fuqarolikni olish yo’lini osonlashtirish, politsiya zo’ravonligini to’xtatish. Tashqi siyosatga kelsak, u xalqaro huquq, inson huquqlari va iqtisodiy adolatga asoslanishi kerak, harbiy va iqtisodiy ustunlikka emas”, - deydi Stayn.

Biroq bu arbob uchun saylovda g’alaba qozonish oson bo’lmaydi, chunki Tramp va Klintonni xalq yaxshiroq taniydi. Steyn ular va Libertarianlar partiyasi nomzodi Gari Jonson bilan debatda qatnashish niyatida.

Lekin qoidalarga ko’ra, butun millat televideniye orqali tomosha qiladigan debatda qatnashish uchun nomzod kamida 15 foiz ovoz to’plashi kerak. Hozirda Jonson uchun 8 foiz, Steyn uchun esa 3 foiz saylovchilar ovoz bergan.

“Prezidentlik uchun nomzodlar debatlari saylovoldi kampaniyasidagi eng muhim voqea. Bu saylovchilarga bir necha nomzodni ko’rish va muhim mavzularda fikr bildirayotganini eshitish imkonini beradi. Demak, fuqarolar to’liq ma’lumot asosida qaror qabul qilib, saylaydi”, - deydi u.

Debatlarda qatnashish imkonini qo’lga kiritish uchun Stayn sudga murojaat qilishi mumkin.

Jonson esa bunday yo'l tutmoqchi emas, chunki 15 foiz ovoz to’play olishiga ishonadi.

Birinchi debat 26-sentabrga mo'ljallangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG