Grenlandiya muzliklari bashorat qilinganidan tez erimoqda

  • Amerika Ovozi

NASA sun'iy yo'ldoshlari va parvozlari to'plagan ma'lumotlar yordamida Milliy fan akademiyasi yangi izlanish natijalarini chop etdi. Ulardan ma'lum bo'lishicha, dengiz sathining ko'tarilishi natijasida sohil bo'yida yashovchi aholining hayoti xavf ostida.

Olimlar muzliklarning erishini ilk bor ilmiy yo’l bilan tasavvur qilishga harakat qilishdi, deydi tadqiqot guruhi rahbari, Buffalo universitetida geologiya professori Beata Satho.

“Mana shu murakkab sxemadan nima bo’lishi mumkinligini ko’rishga muvaffaq bo’lyapmiz”, - deydi olima.

Grenlandiya ulkan oroldir. Agar mamlakat bo’lganida edi, dunyoda hajmi bo’yicha 12-o’rinni egallagan bo’lardi. Uning 80 foizi muz bilan qoplangan. Agar bu muz to’la erisa, dunyo bo’ylab dengizlarda suv sathi yetti metrga ko’tariladi.

Oroldagi to’rt muzlikka doir ma’lumotlar asosida tuzilgan iqlim o’zgarishi haqidagi turli modellar Grenlandiyaning butunlay erishini bashorat qilmoqda. Milliy fan akademiyasi izlanishi esa orolning ming xil nuqtasida qayd etilgan o’zgarishlarga asoslanadi.

“Muz eriyotganini hammamiz bilamiz. Muz yo’qolyapti. Biroq ma’lumotlar qisqa muddatli bo’lib, qaysi joylar nozikroq ekanini, qayerda o’zgarish ko’proqligini, qayerda o’zgarish biz kutgandan boshqacharoq ekanini ko’rsatmoqda”, - deydi Beata Satho.

Olimlar yangi ma’lumotlarni Grenlandiyaga doir ishlangan hozirgi modellarga qiyoslab chiqdi. Ba’zi narsalar tasdiqlandi, ammo eski modellar juda cheklangan, deydi Satho.

“Qo’shimcha ma’lumot muzliklar qanday eriyotganini yaxshiroq tushunishga va kelajakda jarayon qanday kechishini aniqroq bashorat qilishga yordam beradi”, - deydi u.

Izlanish natijalaridan ma’lum bo’lishicha, yonma-yon turgan muzliklar bir xil erimayapti. Harorat ko’tarilgani sari ayrimlari hatto qalinlashgani, boshqalari esa tez sur’atda erigani aniqlandi. Yana ba’zilari esa ham erigan, ham qalinlashgan, so’ng teskari jarayon kuzatilgan.

Sathoning aytishicha, tadqiqotchilar o’z hisoblarida okean harorati, gidrologiya, muzlik ostidagi suvlar kabi omillarni inobatga olgan.

“Oddiy misol. Agar muz ilisa, muzlik tezroq suzishi mumkin. Bu okeanga ko’proq muz tushadi degani. Bu muz dinamikasi deyiladi. Jarayonni tushunish uchun buni bilish muhim. Muzliklar va ulardan iborat orollar iqlim o’zgarishiga ana shu tariqa javob bermoqda”, - deydi olima.

Sathoning aytishicha, izlanish sinchkov, keng qamrovli kuzatuv muhim ekanini ko’rsatmoqda. Muzliklarning murakkab tabiatini hisobga olib, sifatli va batafsil ma’lumot modellarni mukammallashtirishda qo’l keladi. Bunday modellar suv sathi ko’tarilganda sohil bo’yida yashovchi aholiga yordam berishda asqatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG