Guantanamo qachon yopiladi? Faollar prezidentga va’dani eslatmoqda


Guantanamo qachon yopiladi? Faollar prezidentga va’dani eslatmoqda

Guantanamo qachon yopiladi? Faollar prezidentga va’dani eslatmoqda

Huquq tashkilotlari prezident Barak Obamaga Kubaning Guantanamo bo’g’ozidagi qamoqxonani yopish va’dasini eslatmoqda.

2002-yilda ochilgan bu inshootda terrorizmda gumon qilingan shaxslar saqlanadi. Aksariyati Afg’oniston va Pokistonda qo’lga olingan.

Hozirgacha 600 nafari aybsiz topilib, qo’yib yuborilgan. Yana 200 ga yaqin mahbus taqdirini hal qilish kerak.

Mahbuslar kiyimini kiyib olgan faollar kolonnasi Oq uydan saf tortib, Adliya vazirligi tomon marsh-parad uyushtirishdi.

“Obama bilsinki, biz ikki yil oldin berilgan va’dani unutganimiz yo’q”, - deydi namoyish tashkilotchilari.

“Guantanamoni yopish yana kun tartibiga qo’yilsin. Talabimiz shu”.

2009 yili prezidentlikka kirishganida, Obama qamoqni yopish to’g’risida farmoyish imzolagan va shunday bayonot bergan edi - “Guantanamo turmasi bir yilga qolmay yopiladi”.

Lekin oradan ikki yil o’tib, 170 dan ziyod mahbus hamon o’sha yerda.

Huquq himoyachilari nazarida va’da qog’ozda qoldi. Guantanamo Amerika obro’siga putur yetkazayotganini davlat rahbari xalqqa tushuntirib berishi kerak edi, deydi ular.

“Obama g’ayrat bilan harakat qilganini ko’rmadik. Yopilsin deb bir parcha qog’ozga imzo qo’yish oson”, - deydi Tom Parker - Xalqaro Amnistiya tashkiloti rahbari.

2009 yili Xolid Shayx Muhammad, 11 sentyabr xurujlarining tashkilotchisi deb ko’rilgan bu shaxs ustidan Nyu-Yorkda sud bo’lib o’tishi kerak edi. Biroq sud Amerikada o’tishiga jamoatchilik orasida qarshilik kuchli.

Guantanamo ertami-kechmi baribir yopiladi, deydi Obama. Lekin ayrim mahbuslar panjara ortida uzluksiz saqlanishi turgan gap. Ular terrorga qarshi urush doirasida qo’lga olingani sabab, na federal sud, na harbiy tribunal ular ishini ko’ra oladi.

“O’ta xavfli sanalgan asirlar bor. Nima qilishni o’ylab turibmiz”, - deydi prezident.

Huquq tashkilotlari nazarida esa Guantanamodagi mahbuslarga rasman ayb qo’yilmasa, ular qo’yib yuborilishi kerak.

Masalani chigallashtirayotgan yana bir omil shuki, asirlarni Kubadan Amerikaga olib kelish uchun 2011 yil mudofaa byudjetidan pul olish taqiqlangan. Kongress ular AQSh zaminida sud qilinishiga qarshi. Bu degani, joriy yilda bu borada biror o’zgarish kutmang.

Guantanamodagi mahbuslarni chet elga ko’chiramiz desangiz, bunga ham byudjetdan mablag’ yo’q. Kongress talabi shu.

Amerika rahbari bunday cheklovlarga qarshi, lekin mudofaa byudjeti loyihasiga qo’shib berilgani sabab, imzolamasdan iloj yo’q. Asirlarni ko’chirish qonunan cheklangan.

XS
SM
MD
LG