Guantanamodan ozod etilgan olti mahbusni Urugvay qabul qildi

  • Amerika Ovozi

AQShning Kubadagi Guantanamo harbiy qamoqxonasi

AQShning Kubadagi Guantanamo harbiy qamoqxonasi

AQSh hukumati Kubaning Guantanamodagi harbiy qamoqxonasida terrorizm gumoni bilan saqlangan olti mahbusni ozod etdi.

Pentagonning bildirishicha, ulardan to'rt nafari suriyalik, biri tunislik, yana biri falastinlik. Ularni qochqin sifatida Urugvay qabul qilishga rozi bo'lgan.

Endlikda sobiq mahbuslar al-Qoidaga aloqadorlikda shubhalangan, ammo rasman ayblov qo'yilmagan. Ular bir necha oy oldin oqlangan edi, ammo Urugvay o'tgan oy o'tkazilgan prezident saylovlaridan oldin mahbuslarni qabul qilishni istamadi.

Hozir Guantanamoda 136 mahbus qolgan. Barak Obama prezidentlikka ilk bor olti yil oldin saylanayotganida qamoqxonani yopishga va'da bergan edi.

Uning fikricha, Guantanamo Amerikaning obro'siga putur yetkazmoqda. Biroq Kongress ozod etilgan mahbuslarning AQShga kiritilishiga qarshi bo'lgani bois hukumat boshqa davlatlar bilan bu borada muloqot olib bormoqda.

Joriy yilda jami 19 mahbus Guantanamodan ozod etildi. Qamoqxonadagilardan 67 nafari oqlangan, ammo ularni uchinchi mamlakatga ko'chirish masalasi hali hal bo'lmadi.

Qo'shma Shtatlar ular yana qamoqqa tushmasin, qynoqqa solinmasin yohud yana jangarilarga qo'shilmasin, deya bu odamlarni vataniga qaytarmoqchi emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG