Amerika xavfsizligiga Guantanamoning yopilishi tahdidmi yoki ochiqligi?

  • Amerika Ovozi

AQSh rasmiylari “Islomiy davlat” tomonidan qatl etilgan odamlarga Guantanamodagi mahbuslar kabi qo’ng’ir rangli kiyim kiydirilgani tasodif emas, demoqda. Obama ma’muriyati Kongressni Kubadagi AQSh harbiy qamoqxonasini yopishga chaqirib keladi.​

Guantanamo qamoqxonasi dunyo bo’ylab ayrim odamlarni terror guruhlariga qo’shilishga, xurujlarni amalga oshirishga sabab bo’lmoqda, deydi AQSh mudofaa vaziri o’rinbosarining yordamchisi Brayan Makkeon yaqinda Senatdagi tinglovda.

“Vahshiylarcha yoqilgan iordaniyalik uchuvchi, yapon fuqarosining qatli tasvirlangan “Islomiy davlat” videolarida qurbonlarning qo’ng’ir rangli kombinezonga kiyintirilgani tasodif emas. Ko’plar nazarida bunday ust-bosh Guantanamo qamog’ining ramzidir”, - deydi AQSh rasmiysi.​

Prezident Barak Obama saylov kampaniyasidan beri qamoqxonani yopishga urinib keladi. Davlat rahbariga ko’ra, Guantanamo Amerika obro’siga dog’ tushirmoqda, uning ittifoqchi va hamkor davlatlar bilan aloqalarini qiyinlashtirib, terror guruhlariga odam yollashda qo’l kelmoqda.​

Mustaqil senator Angus King nazarida masalaning foydasi va zararini puxta o’ylab ish qilish kerak.

“Guantanamoning ochiqligi jangari yollashda qo’l kelgani uchun milliy xavfsizlikka kattaroq tahdidmi yoki undan ozod etilgan mahbuslarning jangarilarga qayta qo’shilish ehtimoli xavfliroqmi?” - deya so’raydi qonunchi.​

Pentagonning yaqinda chiqqan hisobotida aytilishicha, Guantanamodan ozod etilgan 600 dan ziyod odamning salkam 30 foizi jangarilar safiga qayta qo’shilgan yoki qo’shilgani taxmin qilinmoqda. Senator King aynan shu hisobotga ishora qildi.

Obama ma’muriyatiga ko’ra, sobiq mahbuslarning jangari guruhlariga qayta qo’shilish sur’ati so’nggi bir necha yilda 10 foizga kamaydi, ammo buning ahamiyati yo’q, deydi o’tgan yili Senatga respublikachilardan saylangan Iroq urushi faxriysi Tom Kotton.

“Nazarimda, Guantanamoda ko’p kameralar bo’sh turibdi. Mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlash uchun ko’proq terrorchilarni u yerga tergov qilishga tashlab turishimiz kerak. Menga desa, ular turmada chirib ketmaydimi”, - deydi Kotton.​

Afg’onistondagi urushdan so’ng ochilgan qamoqxonada 10 yildan oshiq vaqt mobaynida salkam 800 mahbusdan yuzdan ziyodi qolgan. Shularning yarmi ozod etilish arafasida turibdi. Oq uy ma’muriyati ortiq Guantanamoga odam yubormoqchi emas. Ozod etilmaydigan mahbuslarning kelajak taqdiri ma’lum emas. AQSh qonuni ularning Amerikada sud qilinishini taqiqlaydi.​

Demokrat senator Jo Manchinning aytishicha, Kongress qonunga o’zgartirish kiritishi kerak, aks holda Guantanamo davlatga qimmatga tushmoqda. Masalan, Amerikada eng ashaddiy jinoyatchilarga mo’ljallangan turmada bir mahkum soliq to’lovchiga yiliga 100 ming dollarga tushadi, Guantanamoda esa uch million dollarga.

“Amerikada mukkasidan ketgan mahbuslarga yiliga 80 ming dollardan sarflasak-da, hali hech biri qochishga muvaffaq bo’lmagan”, - deydi Manchin.​

Senator qonunni o’zgartirib, Guantanamoda terrorchilikda ayblanganlarni Amerikada sud qilishni, AQSh qamoqxonalariga ko’chirishni taklif etmoqda.

Biroq Senat Qurolli kuchlari qo’mitasi mahbuslarni Guantanamodan ozod etishni kelasi ikki yilga muzlatib qo’yuvchi qonun loyihasini ko’rib chiqmoqda. Oq uy ma’muriyati bunday choraga qat’iyan qarshi.

Qo’mita raisi, respublikachi senator Jon Makkeyn esa hukumatni koyimoqda. Olti yildan beri prezidentlik qilayotgan Obama harakatini qilmadi, Guantanamo qamoqxonasining kelajagi bo’yicha Kongressga biror reja bilan chiqqani yo’q, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG