Gulnora Karimova, yopiq TV kanallar va Toshkentdagi mavhumlik


Gulnora Karimova Style.uz haftaligida

Gulnora Karimova Style.uz haftaligida

O’zbekiston prezidentining qiziga qarashli telekanallar noma’lum sabablar bilan efirdan uzib qo’yilgan. Toshkentda bu borada hech kim izoh bermayapti.

O’zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova rahnamoligida san’at va madaniyat haftaligi o'tar ekan, unga qarashli xususiy telekanallar noma’lum sabablar bilan efirdan uzib qo’yilgan.


TV-Markaz, Forum-TV, NNT va "Соф TC" kabi kanallar asosan ko’ngilochar dasturlar taqdim etadi. Gulnora Karimova rahbarlik qiladigan Fond Forum jahon yulduzlari va taniqli san’atkorlar ishtirokida festival o'tkazmoqda, ammo asosiy targ'ibot vositalari o'chiq.

Faoliyati to’xtagan telekanallar tashkilotni muntazam yoritib keladi. Efirdan uzilish xususida hozircha biror izoh yo'q.

Ijtimoiy tarmoqlarda faol bo’lgan Gulnora Karimovaning shaxsiy gaplari esa prezidentning to’ng’ich qiziga nisbatan munosabat o’zgara boshlaganidan darak beradi.

Oxirgi paytlarda uning blogi yopilgan. Xonim "Twitter"da ham bir ko'rinadi, bir g'oyib bo'ladi.

Gulnora Karimova telekanallar faoliyatining to’xtatilishi haqida aniq bir narsa yozmadi, lekin unga qarshi bosim boshlanganiga sha’ma qilmoqda.

“Twitter” da nega to’satdan “yo’qolib” qolganini so’ragan mushtariylaridan biriga Gulnora Karimova uni “yo’qotishga” samarasiz urinishlar bo’lmoqda, deb javob berdi.

Prezident Islom Karimov hokimiyatni Gulnoraga uzatishi mumkin degan taxminlar esa azaldan mavjud.

Gulnora Karimova Yevropa kompaniyalari bilan bog’liq moliyaviy jinoyatlarda gumon qilinib, tergov ishlari hamon davom etmoqda. Gulnora Karimovaning biznes imperiyasi tahdidlarga asosan qurilgani, mamlakatdagi yirik shirkatlar bu xonim bilan hisoblashibgina mamlakatga kira olgani haqida ma’lumotlar ko’p.

Fransiyada ro’yxatdan o’tgan “O’t yuraklar klubi” rahbari Mo’tabar Tojiboyeva fikricha, ayni paytda Toshkentda o’tayotgan madaniyat va san’at festivalini moliyalash masalasi ham shaffof emas.

“Karimova boshchilida 22-27 oktabr kunlari o’tkazilayotgan madaniyat haftaligiga aynan “Ucell” va “Beeline” kompaniyalari homiylik qilayotgani to’g’risidagi ma’lumotlarga egamiz. Shuning uchun ham biz Shvetsiya prokuraturasiga “Ucell” faoliyati, ya’ni Gulnora Karimova va “TeliaSonera” o’rtasidagi hamkorlikni tekshirish bilan murojaat qildik. Ayni paytda “Ucell” Gulnora Karimovaga homiylik yordami ko’rsatish vositasida pora berganligi yuzasidan prokuratura tekshiruvi bormoqda. Shu tekshiruv barobarida kuzatilyotgan bu homiylik avvalgi holat davom etayotganini bildiradi”, - deydi Tojiboeva.

Gulnora Karimova rahbar Fond Forumning haftalik tadbiri “Oltin gepard” va “Teatr-2013.uz” kabi xalqaro festivallar bilan boshlanib, modalar ko’rgazmasi va yevropalik mashhur xonanda Lara Fabian konserti bilan yakunlanishi ko’zda tutilgan.

Bu festivallar O'zbekistonni madh etadi, o'zbek xalqi madaniyatini targ'ib qiladi deya tashviqot olib boriladi.

Biroq paxta terimi avjiga chiqqan pallada bunday dabdaba kimga kerak deb so'raydiganlar ham ko'p.

Faollar nazarida taniqli san’atkorlarning Gulnora Karimovaga ergashishi repressiv rejimni qo’llash va inson huquqlari toptalishiga ko’z yumish bilan teng.

“Biz shuning uchun ham festivalga taklif etilgan taniqli yulduzlar Lara Fabian va Yuri Bashmetga murojaat bilan chiqdik. Ularni diktatorga, uning qiziga xizmat qilish bilan san’atda topgan obro’- e’tiborini yo’qotmaslikka chaqirdik. Gulnora Karimovaning o’z qilmishlarini xaspo’shtlovchi tadbirlariga ishtirok etmaslikka chaqirdik”, - deydi Mo’tabar Tojiboeva.

So’nggi paytda prezident oilasi, uning qarindoshlariga doir bir qator muhim xabarlar tarqaldi. Shu oy boshida Islom Karimovning xotini Tatyana Karimovaning jiyani, farg’onalik yirik tadbirkor Akbarali Abdullayev hibsga olingan edi. Ijtimoiy tarmoq orqali bu xabarni tasdiqlagan Gulnora Karimova qarindoshi qamoqqa olinganidan taassuf bildirgan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG