"Gulnora Karimova o'g'ri va u adolat oldida javob berishi kerak"


Gulnora Karimova, prezident qizi, o'zini tadbirkor, dizayner, diplomat va olima sifatida targ'ib qilar edi. Yevropadagi eng badavlat ayollardan biri edi. Hozirda bir necha davlatda tergov ostida. O'zidan esa darak yo'q. Toshkentda uy qamog'ida ekani taxmin qilinadi.

Gulnora Karimova, prezident qizi, o'zini tadbirkor, dizayner, diplomat va olima sifatida targ'ib qilar edi. Yevropadagi eng badavlat ayollardan biri edi. Hozirda bir necha davlatda tergov ostida. O'zidan esa darak yo'q. Toshkentda uy qamog'ida ekani taxmin qilinadi.

Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani yoritish loyihasi (OCCRP) nomli xalqaro tashkilotning fosh etishicha, Gulnora Karimova oldin iddao qilinganidan ham ochko'zroq va ayyorroq ish yuritgan. O’zbekiston rahbari Islom Karimovning to'ng'ich qizi Skandinaviya va Rossiya kompaniyalaridan yuzlab million dollar undirgan, deyiladi yangi hisobotda.

"TeliaSonera" va "VimpelCom" kompaniyalari O'zbekistonga kirib, biznes qilishini ta'minlash uchun prezident qizi ulardan ulkan muqdorda pora olgan. O'zbekistonda mobil xizmati boshqa ko'plab mamlakatlarga qaraganda qanchalik qimmat turishini hisobga olsak, deyiladi "Ozodlik" radiosi bilan hamkorlikda olib borilgan izlanish xulosalarida, Gulnora Karimova misli ko'rilmagan darajada o'g'rilik qilgani haqida ma'lumot yetarli.

Uning aytganini qilmagan firmalar, jumladan Amerika bizneslari mamlakatdan haydalgan. "Amerika Ovozi" yuqoridagi ayblovlar haqida Gulnora Karimovaning o'zidan so'rab, uning munosabatini bilishni istaydi, biroq prezident qizi qayerda? Undan o'tgan yildan beri darak yo’q.

2013-yilning kuzida u boshliq tashkilot va bizneslar tekshirila boshlagan va birin-ketin yopilgan. Unga ishlagan va yaqin bo'lgan odamlar ustidan tergov ishlari ochilgan, ko'plari qamalgan. Gulnora Karimovaning o'zi, ayrim manbalarga ko'ra, uy qamog'ida. O'zbekiston hukumati prezident qizi taqdiri haqida og'iz ochmaydi.

Yevropaning bir necha davlatida uning faoliyati bilan bog'liq tergov ishlari ketmoqda, xususan Fransiya, Shveysariya va Shvetsiyada. Vaziyatni yaqindan kuzatayotgan o'zbekistonlik faol Ulug'bek Bakirov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, Gulnora Karimova kim ekani bugun dunyoga ma'lum va unga nisbatan qanday chora ko'rish kerakligi ham ayon.

O'zbekiston ahli haqiqatni bilmaydi, deydi Bakirov. Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar faollashayotgan bo'lishi mumkin, biroq oddiy xalq nafaqat dunyoda, balki vatanda nima bo'layotgani haqida yetarlicha ma'lumotga ega emas.

Ulug'bek Bakirov, Yevropada yashovchi faol

Ulug'bek Bakirov, Yevropada yashovchi faol

O'zbekistonning chorak asrlik prezidenti lavozimda qolish ahdida qat'iy turgan bir paytda uning farzandi shantaj va boshqa qora yo'llar bilan kamida 1 milliard dollarni o'margani qabih jinoyatdir, deydi suhbatdosh. Ulug'bek Bakirov O'zbekistondagi prezident saylovlari oldidan internetda boshlangan tashabbus - Virtual saylov komissiyasi tashkilotchilaridan biri.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG