AQSh Adliya vazirligi Gulnora Karimova va uning to'dasini sudga berdi

  • Amerika Ovozi

O'zbekiston prezidenti Islom Karimovning katta qizi Gulnora Karimova 2014-yilning boshidan beri uy qamog'ida ekani aytiladi. Hukumat uning ishi haqida og'iz ochmaydi. Lekin Karimov ma'muriyati Yevropada muzlatilgan mulklarga da'vogarlik qilmoqda.

O'zbekiston prezidenti Islom Karimovning katta qizi Gulnora Karimova 2014-yilning boshidan beri uy qamog'ida ekani aytiladi. Hukumat uning ishi haqida og'iz ochmaydi. Lekin Karimov ma'muriyati Yevropada muzlatilgan mulklarga da'vogarlik qilmoqda.

2013-yildan beri ketayotgan xalqaro tekshiruv va tergov markazida O'zbekiston prezidenti Islom Karimovning katta qizi Gulnora turgani hammaga ayon, lekin rasman shu paytgacha biror bir davlat uning ismini yuridik qog'ozlarga yozmagan edi. O'zbekiston prezidentiga juda yaqin odam, deya qayd etilar edi xolos.

21-aprel kuni AQSh Adliya vazirligi ilk bor Gulnora Karimova va uning yaqin hamkorlari ustidan federal sudga arz qildi. "Bloomberg" axborot tizimiga ko'ra, asosiy da'vo shuki, bu to'da yulg'ichlik orqali topilgan va Shveytsariya banklarida yashirilgan 550 million dollardan oshiq mablag'ni topshirish talabini bajarmagan.

Gulnora Karimovaga tegishli bo'lgani gumon qilinadigan "Talikant LTD" kompaniyasi uning dugonasi Gayane Avakyan nomida bo'lgan. Avakyan va Gulnora Karimovaning norasmiy eri Rustam Madumarov 2014-yilda hibsga olingan va korrupsiya va boshqa jinoyatlarda ayblanib, 6-9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

O'zbekiston hukumati bu korrupsiya ishi uchun javobgar shaxslar jazosini olmoqda, deya muzlatilgan mulklarni respublikaga topshirish bo'yicha Amerika hukumatidan hamkorlik qilishni so'ragan.

AQSh Adliya vazirligi shu yilning fevral oyida sudga shikoyat qilganida Gulnora Karimovaning ismi tilga olinmagan edi. Bu haftadagi arizada esa u yaqqol ko'rsatiladi.

Uch bank hisobida turgan pulni Amerika talab qilishining sababi shuki, bu mablag' Nyu-Yorkdagi birjadalarda aksiyalari sotiladigan yirik kompaniyalardan pora sifatida olingan. Bu bizneslardan biri, "VimpelCom" aybni bo'yniga olib, AQShga 800 million dollarga yaqin tovon to'lashga majbur bo'ldi. Yana ikki kompaniya, jumladan, "MTS" va "Telia" (sobiq "Teliasonera") ham yaqin orada murosa qilib, tovon to'lashi kutilmoqda.

Gulnora Karimova 2014-yilning boshidan beri uy qamog'ida ekani aytiladi. Hukumat uning ishi haqida og'iz ochmaydi. Lekin Karimov ma'muriyati Yevropada muzlatilgan mulklarga da'vogarlik qilmoqda. Federal sud hali biror qarorga kelmagan.

Amerika va Yevropa tergovchilarining bayon qilishicha, nishonga olinayotgan to'da 2004-2012 yillar orasida yuqorida zikr qilingan kompaniyalardan 800 milliondan oshiq dollar miqdorida pora olgan. Buning evaziga ularga O'zbekistonda ishlash uchun imkoniyat yaratib berilgan.

Bu pul nafaqat Shveytsariya bankida balki Amerikadagi "JPMorgan Chase & Co." hamda Yevropadagi "Deutsche Bank AG" orqali ham olib o'tilgan, deyiladi hujjatlarda.

Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytiladigan qimmatbaho mulklar Shveytsariya, Belgiya, Irlandiya va Lyuksemburgda muzlatib qo'yilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG