O’zbekiston rahbarining qizi Gulnora Karimova daraksiz. U uy qamog’ida saqlanayotgani taxmin qilinadi, xolos. Bu orada, AQSh Adliya vazirligi Karimovaga qarashli ekani, moliyaviy qalloblik yo’li bilan olingani aytilayotgan 300 million dollar pulni musodara qilmoqchi.

Bu Karimovaga berilgan millionlab dollar poraning navbatdagisi, xolos, deydi kuzatuvchilar. Bungacha uning firmalari yuzasidan Yevropaning bir necha davlatlarida surishtiruvlar o'tgan, mablag'lar muzlatilgan edi.

AQShda boshlangan tergov Karimovaga doir xorijdagi tergovlarga yangi turtki berishi, tergov ishlari samarali yakunlanishiga umid uyg'otgan.

Yevropada muammolarga uchrab O'zbekistonga qaytgan Karimovaga nisbatan yurtida ham jinoiy ish ochilishi ko'pchilik uchun kutilmagan hodisa bo'lgan edi.

Prokuratura olg'a surgan ayblovni ko'rib chiqqan Toshkent shahar sudi uni uyushgan jinoiy guruh tuzishda, millionlab mablag' dollarni o'zlashtirishda aybdor topdi.

Suh hukmiga ko'ra, Karimova biznes imperiyasiga aloqador, unining nomidan ish yuritgan safdoshlari uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilindi, uning o'zi uy qamog'iga tashlangani aytildi.

Bu jinoiy ish ortidan unga tegishli media kompaniyalar, biznes tizimlar, jamg'armalar ham tugatildi.

Karimova uy qamog'iga hukm qilingunga qadar ijtimoiy tarmoqlarda O'zbekistondagi siyosiy kurashga doir shov-shuvli bayonotlari bilan jamoatchilik diqqatiga tushgan edi.

Avval mamlakatdagi qiynoqlar haqida og'iz ochmagan, O'zbekistonning BMTdagi elchisi bo'lib kelgan Karimova jinoiy ish ortidan Milliy xavfsizlik idorasidagi dahshatli qiynoqlar haqida, inson huquqlari toptalayotgani haqida gapira boshladi.

Bu bayonotlar jamoatchilikda siyosiy voris sanalagan Karimova o'z ambitsiyalari uchun tazyiqlarga uchradi, degan qarashlarni ham shakllantirdi.

“Uning holatida siyosiy sabablar bor deb hisoblayman. Karimovaning barcha imkoniyatlardan mahrum qilinishi, imkonsiz qolgani bu uning pullari G'arbda muzlatilishiga ham, xorijda ochilgan tergov ishlariga ham bog'liq emas. Bu faqat Karimovada prezidentlikka intilish ambitsiyasi borligini sezgan otasi Islom Karimov tomonidan badarg'a qilinish”, - deydi huquq himoyachisi Mo'tabar Tojiboyeva.

Karimovaning xorijdagi faoliyati yuzasidan mustaqil surishtiruv o'tkazib kelayotgan o'zbek faollaridan Safar Bekjon nazarida bu Toshkent tomonidan o'ylanga maxsus reja.

“Shveytsariyada muzlatib qo'yilgan bir millard dollarga yaqin pul bor, hech bo'lmaganda shu pulni olishga urinish bo'layapti. Buning huquqiy yo'llaridan biri jinoyatchini biror tomonda xoh O'zbekiston, xoh Shveytsariya bo'lsin, jazoga tortilishi talab qilinadi. Shunday bo'lgan taqdirda bu pul ma'lum muddatdan so'ng qaytarilishi kerak. Ammo O'zbekiston tomoni bir narsani bilmayapti. Bunday katta miqdordagi pulni qaytarish parlamentdagi tasdiqdan so'ng amalga oshadi. Shveytsariya parlamentida O'zbekistondagi diktaturaga pul qaytarilsin deydigan deputatlar yo'q, bu pul diktatura tuzumi qulagandan so'ng qaytarilishi mumkin. Rejim bu pullarni bunday yo'l bilan qaytarib ololmaydi”, - deydi Safar Bekjon.

Imperiyasi qulashidan avval boylik orttirishda shafqatsiz usullardan qaytmasligi e'tirof etilgan Karimova mamlakatda eng qudratli odamlardan biriga aylangan, keksa prezident Karimovning asosiy merosxo'ri sifatida ko'rilgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG