AQShda qurol nazorati kuchaytirilmoqda

  • Amerika Ovozi

Barak Obama rahbarlikka kelganidan beri kamida 16 marta Oq uydan turib, otishmada o'lganlarning yaqinlariga ta'ziya bildirgan.

Barak Obama rahbarlikka kelganidan beri kamida 16 marta Oq uydan turib, otishmada o'lganlarning yaqinlariga ta'ziya bildirgan.

2015-yilda AQShda 372 ommaviy otishma yuz berib, ularda 475 kishi o'lgan va 1870 odam yaralangan. Qurol nazorati yuzasidan Kongress Oq uy bilan til topisha olmay keladi. O'tgan bir yil ichida ketma-ket qatliomlarni boshdan kechirgan mamlakat keskin choralar ko'rishga majbur, deydi Prezident Barak Obama. Kecha Oq uydan turib u bu borada yangi qarorini e'lon qildi.

Qurol sotmoqchi va qurol xarid qilmoqchi bo'lgan shaxs endilikda qattiqroq tekshiriladi. Shu paytgacha amal qilingan nazorat tizimi kuchaytiriladi. Talablar keskinlashadi.

Qurolga egalik bo'yicha qonunlar amaliyotini yaxshilash kerak; ruhiy salomatlikka ko'proq e'tibor berib, xavfsizlik teznologiyasini yangilash zarur, deydi Prezident Obama, farmonni keng ommaga tushuntirar ekan.

U rahbarlikka kelganidan beri kamida 16 marta Oq uydan turib, o'lganlarning yaqinlariga ta'ziya bildirdi. Prezident har safar ko'ziga yosh oladi. Bugungi chiqishida ham shunday bo'ldi.

"Qatliomlarda, ayniqsa, bolalar nobud bo'layotgani meni ruhan juda qiynaydi. Bilasizmi, Chikago ko'chalarida har kuni shu ahvol... Hammamiz Kongressdan talab qilishimiz kerak: qonunchilarimiz qurol savdosini va unga egalikni targ'ib qiluvchi siyosiy kuchlarga yo'q desin. Fuqaro xavfsizligini ta'minlash - oliy vazifa. Rahbarlar, qonunchilar, biznes ahli xalqqa xizmat qiladi",- dedi Obama.

Lobbichilar, bosh qomusdagi ikkinchi o'zgartirishni, ya'ni qurolga egalik qilish fundamental huquq deya qayd etuvchi bandni ro'kach qilib, jinoyatlar ko'lami oshishiga hissa qo'shayotgan guruhlar, hukumat va qonun chiqaruvchi organ qo'lini bog'lay olmaydi, deydi prezident.

Yangi qaror bilan mamlakatda qurolli jinoyatlar to'xtab qolmaydi, deya tan oladi Obama, lekin qirg'inlarni kamaytiradi va ko'proq odamning hayotini asraydi degan umid bor. Qurol nazorati kuchayadi.

Qurolga egalikni uzviy huquq deya, prezidentning gaplarini qoralayotganlar ko'p. Konstitutsiya amerikaliklarga miltiq yoki pistolet ko'tarib yurish erkinligini beradi, deya eslatadi Jeyms Xill, texaslik.

"Qurol sotamiz, xarid qilamiz. Erkinmiz. Mas'uliyatlimiz. Yarmarka deysizmi yoki boshqa tadbir, hammasi nazorat qilinadi, qonunlarga bosh egamiz. Qoidalarni ko'paytirib, talab va me'yorlarni oshirib, davlat nimaga erishmoqchi? Qurolni musodara qilishmoqchimi? Gitler, Stalin - ular xalqdan qurolni tortib olib, o'z zulmini o'tkazgan. Biz ham shu yo'ldan boramizmi? Maqsad aholini qattiqqo'llik bilan idora etishmi?" - deya so'raydi savdogar.

AQSh Vakillar Palatasi spikeri Rol Rayan nazarida ijroiya organi haddidan oshmoqda. Prezident o'z vakolatlaridan chiqmasligi kerak, deydi u. Oq uy esa farmon berish asosiy vakolatlardan biri, deydi.

Ommaviy so'rovlardan ayonki, amerikaliklarning aksariyati qurol nazoratini mustahkamlash va talablarni kuchaytirish kerak degan fikrda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG