Pentagon rahbari: Janubiy Xitoy dengizi faqat Xitoyniki emas

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygl, Singapur, 31-may, 2014

AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygl, Singapur, 31-may, 2014

AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygl deydiki, Xitoy o’z atrofidagi mintaqani beqarorlashtirmoqda.

Singapurda o’tgan anjumanda so’zlar ekan, Pentagon rahbari Janubiy Xitoy dengizi bo’yida joylashgan ittifoqchi davlatlarni quvvatlab, Pekinni ularning manfaatlariga tahdid solmaslikka chaqirdi.

Janubiy Xitoy dengizi faqat Xitoyniki emas, u yerda boshqa davlatlarning ham kemalari va havo vositalari bemalol harakat qila olishi, xalqaro qonunlar asosida faoliyat yuritishi kerak, deydi Xeygl.

Agar Xitoy bu mamlakatlarni siqib chiqarishga harakat qilsa, Amerika qo’l qovushtirib o’tirmaydi, deydi u.

Filippin hozir Xitoy bosimi ostida o’ziga tegishli ko’plab nuqtalarga yaqinlasha olmayotganidan nolisa, Vyetnam Xitoyni kelishilmagan joyga neft platformasi o’rnatganlikda qoralamoqda.

Dengiz yuzasidan mamlakatlar bir kelishuvga erishib, hamjihatlikda qarorlar qilishi lozim, deydi Xeygl.

Xitoy rahbariyati dengizni do’stlik ramzi deb ataydi va hech kimning hududini egallab olmaganini ta’kidlaydi.

Biroq Vashington nazarida Pekin dengiz atrofidagi davlatlarga do’q qilgan holda ular ustidan hukmronlik qilmoqchi.

AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygl bugun Singapurda qilgan nutqida Tailanddagi ahvolga alohida to’xtaldi.

“Biz bu mamlakatda harbiylar hokimiyatni egallab olib, demokratik tartibni buzganini qoralaymiz. Tezlikda saylov o’tkazib, xalqqa yangi hukumat saylash uchun imkoniyat berilishi kerak. Hibsdagilar qo’yib yuborilsin”,- deydi Xeygl Bangkokdagi generallarga murojaat qilar ekan.

Tailanddan javob shuki, kelasi bir yilda hech qanday o’zgarish kutmang. Fuqaro boshqaruvi o’rnatilishiga hali ancha bor, deydi o’zini muvaqqat rahbar deb atayotgan general Prayut Chan-ocha.

Xunta, harbiy rejim, fuqarolarning fundamental huquqlarini poymol etmoqda, deydi Xeygl. Odamlar ko’chaga chiqa olmaydi, namoyishga qilolmaydi, o’z fikrini ochiq ayta olmaydi, vaholanki, bu xalq erkinlikka o’rgangan, hukumatdan norozi ekanini bemalol izhor etib kelgan, deya Pentagon rahbari.

General Prayut esa Tailandda tartib joyida, hech kimning huquqi buzilayotgani yo’q, harbiylarning asosiy maqsadi tinchlikni ta’minlash deydi.

Iqtisodga zarar yetmagan, chet ellik sarmoyadorlar xavotirga tushmasin, deydi general.

Uning ogohlantiruvi shuki, odamlar ommaviy namoyishlarni bas qilishi kerak, aks holda fuqaro boshqaruviga qaytish yanada sekinlashadi.

Yuzlab sobiq rasmiylar hibsda. Yuzlab sobiq rasmiylar sudlanmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG