AQSh mudofaa vaziri Xitoyga tashrif buyurdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygl Pekin aeroportida, 7-aprel, 2014-yil.

AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygl Pekin aeroportida, 7-aprel, 2014-yil.

AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygl Yaponiya safaridan so’ng Xitoyga tashrif buyurdi. U bu yerda Xitoyning rivojlanib borayotgan harbiy salohiyati ramzi bo’lgan yagona avianosetsni ko’zdan kechirish niyatida.

Rasmiy ma’lumotga ko’ra, Xeygl Pekinni mintaqa davlatlari bilan munosabatlarda hamda hududiy munozaralarda mas’ulyatli bo'lishga chaqirgandan bir kun o’tib “Liaoning” avianosetsini ko’zdan kechirishga ruxsat so’ragan.

Xitoy tashrifidan oldin AQSh mudofaa vaziri Tokioda muzokaralar olib bordi. Vashington 2017-yilgacha Shimoliy Koreya tahdidlaridan himoyalanish uchun Yaponiyaga qo’shimcha ikkita raketaga qarshi mudofaa kemalarini yetkazib bermoqchi.

Xeyglning Xitoyga tashrifi uch kun davom etadi. Bu uning Osiyo-Tinch okeani mamlakatlari bo’ylab qilayotgan o’n kunlik safari doirasida amalga oshirilmoqda. Ushbu safar Vashingtonning mintaqadagi ittifoqdoshlariga ko’rsatadigan yordami davom etishini yana bir bor qayd etish maqsadida tashkil etilgan.

Xeygl Pekinda Xitoy rasmiylari bilan uchrashgach, safar rejasidan o’rin olgan so’nggi manzil – Mongoliyaga yo’l oladi.

AQSh rasmiysi safar davomida Rossiya va Ukraina atrofidagi ziddiyatlar haqida ham to’xtalib, Kreml xatti-harakati Tinch okeani havzasidagi davlatlarda ham tashvish uyg’otayotganini ta’kidladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG