Xeygel: AQSh Osiyodagi ittifoqchilarini mudofaa qilishga tayyor

  • Amerika Ovozi

AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygel (chapda) va Xitoy mudofaa vaziri Chan Vansuan Pekinda, 8-aprel, 2014-yil

AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygel (chapda) va Xitoy mudofaa vaziri Chan Vansuan Pekinda, 8-aprel, 2014-yil

Osiyo bo’ylab safar qilayotgan AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygelning aytishicha, agar qit’adagi ittifoqchi davlatlar Xitoy bilan to’qnashgudek bo’lsa, Qo’shma Shtatlar ularni himoya qiladi.

Pentagon rahbari bu haqda Pekinda Xitoy mudofaa vaziri bilan uchrashuvdan so’ng aytgan.

Xeyglga ko’ra, Vashington Yaponiya va Filippin kabi ittifoqchilar bilan imzolagan xavfsizlik bitimlariga rioya qiladi.

Manila va Tokio Xitoyni orollarga da’vo qilayotganlikda va bu yo’lda do’q-po’pisani ishga solayotganlikda ayblaydi.

AQSh mudofaa vaziri Xitoyning o’tgan yili dengizda o’rnatgan havo mudofaasi zonasi uchun tanqid qildi.

"Qo’shma Shtatlar nazarida har bir mamlakat havo mudofaasi zonasini o’rnatishga haqli, ammo buni bir tomonlama qilishi to’g’ri emas. Qo’shni davlatlar bilan maslahatlashish, ularning roziligini olish zarur. Aks holda ziddiyat, tushunmovchilik kuchayib, xavfli vaziyat yuzaga kelishi mumkin", - dedi Xeygl.

Xitoy mudofaa vaziri Chan Vansuanning aytishicha, uning davlati bu masalada murosa qilmoqchi, yon bermoqchi emas.

"Orollar, dengizdagi chegaralarga doir hududiy da’volarga kelganda Xitoy ularni da’vogar mamlakatlar bilan bevosita muzokara orqali hal etishga hozir. Harbiy kuch ishlatishga tayyormiz, ammo birinchi bo’lib bu ishga qo’l urmaymiz", - dedi Xitoy mudofaa vaziri.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG