AQSh: Iroqdagi terrorchi kuchlar global tinchlikka tahdid

  • Amerika Ovozi

AQSh mudofaa vazirining ta’kidlashicha, xalqaro jamoatchilik Iroqdagi voqealardan hushyor tortishi kerak, chunki “Iroq va Shom islomiy davlati” deb yuritiladigan ekstremistlar barchaga birdek tahdid soladi.

Jorjiya shtatidagi harbiy bazada matroslar bilan ko’rishar ekan, Mudofaa vaziri Chak Xeygl AQShning Iroqdagi roli xususida izoh berib o’tdi.

“Iroq va Shom islomiy davlati” Amerikaga xavf solmaydi deb o’ylamang. Aslida shuning aksi. Regiondagi ittifoqchilarimiz ham xavf ostida, deydi vazir.

Chak Xeyglning aytishicha, Vashington Iroq xavfsizlik kuchlariga imkon qadar ko’maklashyapti, lekin ekstremistlarni yengish oson bo’lmaydi.

“Ular tashkiliy jihatdan puxta, kuchli va yaxshi moliyalangan”.

Ayni damda AQSh razvedkachi samolyotlari Iroq osmonida kuniga 50 martadan parvoz qilayapti. Poytaxt Bag’dod va shimoldagi Irbil shahrida qo’shma shtablar ochilgan. Fors ko’rfazida Amerikaning to’qqiz kemasi shay holatda turibdi.

Tahlilchi Toni Badran jihodchilarning salohiyati haqida fikr yuritadi.

“Ekstremistlar qo’lga kiritgan yutuqlar asosan Iroq armiyasi zaif va tarqoq ekani bilan bog’liq. Ayrim sunniy mahallalarda xizmat qilayotgan zobitlar hatto qarshilik ko’rsatgani ham yo’q”, - deydi Badran.

Ekspert fikricha, “Iroq va Shom islomiy davlati” dunyoni bosib olamiz deb ko’krak kerishi mumkin, ammo uning reja-maqsadlari ko’proq mahalliy xarakterga ega.

Bag’dod va uning atrofiga AQSh maxsus kuchlari safarbar etilgan bo’lib, ularning asosiy vazifasi sharoitni o’rganish hamda armiyaga baho berish. Xulosalar yaqin kunlarda Mudofaa vazirligiga taqdim etiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG