AQSh Isroilga harbiy yordamni oshirmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygel (chapda) va Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu, Quddus, 23-aprel, 2013-yil

AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygel (chapda) va Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu, Quddus, 23-aprel, 2013-yil

AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygel Yaqin Sharq bo’ylab safarini yakunladi. Qo’shma Shtatlar mintaqadagi uch davlatga jami 10 milliard dollarlik harbiy texnika va qurol sotmoqda. Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Qo’shma Shtatlar mintaqadagi ittifoqchilarini Eron tahdidiga qarshi qurollantirmoqda.

Isroil Amerikadan, Afg'onistonni hisoblamasa, eng ko'p yordam oladigan davlat. 1948-yil, yahudiy davlati vujudga kelganidan beri Vashington unga jami qariyb 234 milliard dollarlik ko'mak ko'rsatgan.

Chak Xeygel mudofaa vaziri lavozimiga tayinlanmasidan oldin Isroilga qarshi qarashlari uchun tanqidga uchragan. Shu sababdan uning bu mamlakatga safari sovuq kechishi mumkinligi ayrimlarni tashvishga solayotgan edi. Biroq Isroilga quruq bormagan Xeygel iliq kutib olindi. Vazir yangi qurollar savdosiga doir bitim bilan bordi.

"Qo’shma Shtatlar Isroilga radiatsiyaga qarshi raketalar, qiruvchi samolyotlar uchun ilg’or radar tizimi, havoda yoqilg’i quyuvchi samolyotlar hamda hali biror davlatga sotilmagan “V-22 Osprey” rusumidagi samolyotni sotyapti", - dedi Xeygel.

“Osprey” samolyoti universal bo’lib, havoga vertolyot kabi vertikal holatda ko’tarila oladi.

Bu kelishuv Isroil o’ziga tahdid deb bilayotgan Eron uchun ogohlantirish bo’lishi kerak, dedi AQSh mudofaa vaziri Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan uchrashuv chog’ida.

"Eron terror guruhlarini qurollantirib, o’zi esa yadro qurolini yaratishga zo’r berib, mushtarak qadriyatlarimiz va manfaatlarimizga tahdid solmoqda", - dedi Netanyaxu.

Ayrim tahlilchilarga ko’ra, Eron atom inshootlariga hujum qilishni rejalayotgan Isroil uchun islomiy davlatgacha bo’lgan masofa muammo tug’dirmoqda. Biroq AQShning havoda yoqilg’ini quyishda ishlatiladigan samolyotlarini Isroilga sotgani muammoga yechim, deydi ekspert Tim Braun.

"Bunday tankerlar nishon qayerda bo’lishidan qat’i nazar, uni hujumga olish imkonini beradi", - deydi Braun.

Biroq Vashington Isroilning bir tomonlama hujum rejasini olqishlamayapti. Shu sabab qurol savdosi bitimida yer ostidagi inshootlarni nishonga oluvchi bombalar yo’q. Eron yadro obyektlari yer ostida saqlanadi.

Tahlilchi Entoni Kordsmenning aytishicha, Isroilda bunday bombalarni tashishga qodir katta samolyot yo’q.

"Hech kim Qo’shma Shtatlardan bunday bombardimonchi samolyotlarni boshqalarga va, hatto ittifoqchilarga ham sotishini kutmasligi kerak. Ayniqsa har birining bir milliard dollar turishini hisobga olsak", - deydi tahlilchi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG