NATO Suriyaga bosh suqmaydi, Liviyaga ko’maklashadi


AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygl ittifoqchilar bilan rishtalarni mustahkamlash, kiberjinoyatlarga qarshi kurashni kuchaytirish hamda Afg’onistondagi rejalarni belgilab olishga qaratilgan safaridan qaytdi.

Pentagon rahbarining Osiyoga ilk safaridan maqsad hamkor davlatlarni ishontirish edi. AQSh byudjet muammolariga qaramasdan o’z va’dalarini bajaradi, deydi Chak Xeygl. Osiyo-Tinch okeani mintaqasida harbiy-dengiz flotini kuchaytirish rejalangan.

Xeygl Bryusselda NATO tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashdi.

“Qo’shma Shtatlar harbiy alyans faoliyati bilan bog’liq xarajatlarni kamaytirmaydi.
NATOning asosiy vazifalari - kollektiv mudofaa, mojarolarni bartaraf etish va xavfsizlikni birgalikda ta’minlash”, - deydi u.

Bryusseldagi anjumanda kiberxavfsizlik masalasiga alohida ahamiyat qaratildi.

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen so’zlariga ko’ra, tashkilot o’z kompyuter sistemalarini himoya qilish uchun choralar ko’rib qo’ygan. Ammo tobora kuchayib borayotgan tahdidlarni aniqlash ustida harakatlar davom etayapti.

Afg’oniston kelajagi, ayniqsa, kelasi yil xalqaro koalitsiya bu yurtni tark etganidan keyingi vaziyat ko’pchilikni tashvishlantiradi. Bu yili bahor fasli qonli kechdi, o’tgan ikki hafta mobaynida ro’y bergan xurujlarda 200 dan ziyod afg’on zobiti halok bo’lgan.

Zo’ravonlik fonida NATO qo’mondonligi 2014-yildan so’ng Afg’onistonda qancha askar qoldirish borasida haliyam bir qarorga kelgani yo’q.

NATO yig’ilishida Suriya mojarosiga harbiy aralashuv masalasi tilga olinmadi. Vaholanki, Fransiya ikki yildan beri urushni boshdan kechirayotgan bu davlatda aholiga qarshi zaharli gaz qo’llanganini tasdiqlagan.

AQSh mudofaa vaziriga ko’ra, AQSh bu da’volarni tasdiqlovchi razvedka ma’lumotlarini hali o’zi mustaqil tekshirib ko’rgani yo’q. Umuman, NATO Suriyaga bosh suqmoqchi emas.

“Hozir butun e’tiborni a’zo davlatlarni, xususan, Turkiyani himoya qilish, uning mudofaa tizimlarini kuchaytirishga qaratyapmiz”, - deydi Chak Xeygl.

Xullas, harbiy alyans Afg’onistonda missiyani yakunlashga hozirlik ko’rmoqda. Suriya mojarosiga aralashish niyati yo’q. Ammo yaqin orada Liviyaga bir guruh ekspertlar yuboriladi. Ularning vazifasi chegara xavfsizligini yaxshilashda hukumatga maslahatchilik qilish.

XS
SM
MD
LG