Pentagon: Kobuldagi xurujlarni haqqoniylar uyushtirgan

  • Amerika Ovozi

AQSh razvedkasi bergan ma’lumotga ko’ra, yaqinda Afg’onistonning qator shaharlarida ro’y bergan keng ko’lamli xurujlar ortida Haqqoniy tizimi turibdi. Pokistonda asoslangan va al-Qoidaga aloqador bu jangari guruh kuchga to’lib borayotgani aytiladi.

Otishma erta tongda boshlanib, butun kun davom etdi. Ustunlik boshidan jangarilar tomonida edi. Ular afg’on poytaxti Kobulda bo’sh yotgan yuqori qavatli binolarda joylashib olib, pastga qarata o’q uza boshladi.

Tolibon hujum uning ishi ekanini ta’kidlasa-da, AQSh harbiylari qo’lidagi ma’lumotlardan boshqa bir xulosa kelib chiqadi.

“Xurujni rejalagan va amalga oshirgan - Haqqoniylar tizimi”, - deydi AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta.

Rasmiy idoralar va NATO harbiy bazalariga hujum oldindan puxta rejalangani va ustalik bilan amalga oshirilganini ko’rish mumkin, deydi Mayk Malinovskiy, amerikalik sobiq diplomat.

“Jangarilar tayyorgarlikni yaxshi yo’lga qo’ygani, hududni o’rganib chiqqani ko’rinib turibdi. Ular kuppa-kunduz Kobulning qoq markazini ostin-ustun qila olishi albatta xavotirli”.

Haqqoniylar so’nggi yillarda Afg’onistonda jang qilayotgan NATO harbiylariga katta talofat yetkazgan. Afg’onistonning AQShdagi sobiq elchisi Said Javod deydiki:

“Chet el zobitlarining kushandasi desak xato bo’lmaydi. Chet elda homiylari bor. Mafkuraga juda berilgan”.

Tahlilchilar fikricha, aynan ekstremistik mafkurani ishga solib, Haqqoniylar jihodchilarni va ajnabiy jangarilarni o’z safiga jalb eta oladi. Hujumchilar qo’lga olinishi yoki o’ldirilishi oldindan ma’lum.

Guruhga Jaloliddin Haqqoniy, sovet qo’shinlariga qarshi kurashgan mujohid, asos solgan. Uning o’g’li Siroj Haqqoniy otasiga yordamchi.

Tizim Pokistonda o’rnashib olgan va AQSh rasmiylarining aytishicha, bu davlat razvedka idorasi bilan aloqa qiladi. Vazir Leon Panetta:

Kobuldagi otishma 18 soat davom etdi

Kobuldagi otishma 18 soat davom etdi

“Ular Pokistonda panoh topa olgani, o’sha yerdan faoliyat yuritishi tashvishlanarli holat. Bu haqda pokistonlik hamkorlarimizga doimo eslatamiz va chora ko’rishni talab qilayapmiz”.

Kobuldagi xurujlar keng ko’lamli bo’lgani bilan, oddiy odamlar orasida talofat uncha ko’p emas. Sobiq elchi Javod Afg’oniston xavfsizlik kuchlarini olqishlaydi.

“Mahalliy askarlar ishini puxta bajardi, buni tan olish lozim. Trening-mashqlar natijasini amalda ko’rib turibmiz”, - deydi u.

Jangarilar shaharni vahimaga soldi, lekin taktik jihatdan g’alaba qila olgani yoki biror hududni bosib olgani yo’q.

Tolibon shu zayl bahorgi isyon boshlagani haqida e’lon qildi. Hujumlarning davomi bor, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG