AQSh: Pokiston hukumati jangarilar bilan hamkorlik qiladi

  • Amerika Ovozi

AQSh: Pokiston hukumati jangarilar bilan hamkorlik qiladi

AQSh: Pokiston hukumati jangarilar bilan hamkorlik qiladi

Haqqoniylar, Tolibon va al-Qoida bilan hamkor guruh, Afg’onistonda xalqaro koalitsiyaga qarshi kurashayotgan asosiy kuchga aylangan.

Qo’mondonlarning aytishicha, o’tgan hafta Kobuldagi qonli xurujlarni aynan ular uyushtirgan. AQSh Pokistondan Haqqoniy tizimiga qarshi keskin choralar ko’rishni talab qilyapti.

Kobulning qoq markazi, jumladan AQSh elchixonasi va NATO idoralariga raketa tushib, 20 dan ziyod odam halok bo’lgan edi. AQSh Islomobodga diplomatlarini yo’llab, Haqqoniylar bilan aloqani uzing deb qattiq talab qo’ydi.

“Kobuldagi hujum mana shu guruhning ishi”, - deydi Amerika elchisi Kameron Munter.

“Pokiston hukumati jangarilar bilan aloqada ekani anchadan beri ma’lum. Hamkorlik darhol to’xtashi lozim, chunki Vashington va Islomobod terrorizmga qarshi kurashda bir-birini hamkor deb ataydi. Har ikki davlat fuqarolarini nishonga olayotgan jangarilarni birgalikda yo’q qilishimiz kerak”, - deydi elchi Pokiston davlat radiosiga bergan intervyusida.

Jaloliddin Haqqoniy

Jaloliddin Haqqoniy

Afg’oniston bilan chegarada, Shimoliy Vaziristonda o’rnashib olgan Haqqoniy tizimini ota-o’g’il pushtular boshqaradi. Jaloliddin Haqqoniy Sovet qo’shinlariga qarshi kurashgan mujohidlardan, keyinchalik Tolibon tarafida ham jang qilgan.

Vashington Pokiston razvedkasini bir necha yildan beri bu guruh bilan aloqada ayblab keladi. Tanqidlar keyingi payt keskin tus ola boshlagan. Tahlillarga qaraganda, Pokiston Haqqoniylarni o’ziga tahdid deb bilmaydi. Buning ustiga, ulardan siyosiy maqsadlarda qo’llanib keladi.

Panjob Universiteti professori Hasan Askariy G’arb bosimi ish berishiga ishonmaydi. Chunki Islomobodga o’z boshiga ortiqcha g’alva orttirishning nima keragi bor?

“Shimoliy Vaziristonga armiya yuborilsa, butun Pokiston bo’ylab suiqasd xurujlari avj olishiga, ommaning hukumatga bo’lgan oz ishonchi ham barbod bo’lishiga olib keladi. Qo’rquv mana shunda”, - deb hisoblaydi Hasan Askariy.

AQSh: Pokiston hukumati jangarilar bilan hamkorlik qiladi

AQSh: Pokiston hukumati jangarilar bilan hamkorlik qiladi

Shimoliy Vaziriston tog’li, olis mintaqa. Yirik harbiy amaliyotlar olib borish oson emas. Bu yerda markaziy hukumatga bo’ysunishdan bosh tortayotgan pushtu qabilalar yashaydi. Eng katta muammo - Afg’oniston bilan chegara nazorati sust.

Pokistonning Afg’onistondagi sobiq elchisi Ayoz Vazir fikricha, Haqqoniylarga qarshi effektiv kurash olib borish uchun xalqaro koalitsiya yetarli resursga ega.

“Lekin jangarilar chegaradan oshib, Afg’onistonda qonli xurujlar uyushtirayotganiga guvohmiz. Chegarada nazorat yo’q. Sovetlar paytida ham bo’lmagan, undan keyin ham, hozir ham. Amerika va NATO bu ishning uddasidan chiqmayotgan bo’lsa, Pokistondek qashshoq mamlakatdan nima kutish mumkin”? degan savolni o’rtaga tashlaydi sobiq diplomat.

Shunday bo’lsada, Vashington Islomobodni siquvga olmoqda. AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Nyu-Yorkda Pokiston Tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Xar bilan uchrashuvda mavzuni ko’targan.

AQSh admirali Mayk Mullen esa Pokistonga ochiqcha talab qo’ymoqda.

“Haqqoniy tizimi bilan rishtalarni uzing. Bu gap ayniqsa Pokiston razvedkasiga taalluqli”, - deydi AQSh Qurolli Kuchlar Bosh shtabi qo’mondoni.

Talab bajarilmagan taqdirda, Qo’shma Shtatlar Afg’onistondagi askarlarini himoya qilish uchun bir tomonlama harakatga ham tayyor. Bu haqda Mudofaa vaziri Leon Panetta bayon qildi. Ushbu bayonot aynan nimani nazarda tutishi ma’lum emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG