Shahrisabzda "Birdamlik" liderining otasi olamdan o'tgan

  • Amerika Ovozi

Hasan Choriyev 72 yoshda edi

Hasan Choriyev 72 yoshda edi

"Birdamlik" demokratik harakati rahbari Bahodir Choriyevning otasi 72 yoshli Hasan Choriyev farzandlarining xabar berishicha, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida olamdan o'tgan.

Otaxon 2013-yilning oxirida O'zbekistonda Konstitutsiya kuni munosabati bilan e'lon qilgan amnistiyaga ko'ra qamoqdan ozod etilgan edi.

Hasan Choriyev o'tgan yilning iyun oyida Qashqadaryo viloyatida jinsiy tajovuzda ayblanib, qamoqqa olinib, Jinoyat ishlari bo'yicha viloyat sudining 2013-yilning 25-avgustida chiqqan hukmiga binoan 5,2 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Choriyev Qarshida 19 yoshli Matluba Abdurahmonova ismli ayolni zo'rlaganlikda aybdor deb topilgan.

Hasan Choriyev 14-yanvar kuni jinoyat ishlari bo'yicha Bos'tonliq tuman sudi qarori bilan Tovoqsoy posyolkasidagi turmadan ozod etilgan.

Otaxon "Ezgulik" ning Qashqadaryo viloyati bo'limi a'zosi bo'lgan. Hukumatga nisbatan tanqidiy fikrlarini yashirmagan.

Bugungi hayoti va biznesi AQShning Missuri shtatida asoslangan Bahodir Choriyev fikricha, Islom Karimov boshliq tuzum o'g'ilning siyosiy faoliyati, muxolif qarashlari uchun alamni uning otasidan olgan.

"Birdamlik" bayonotiga ko'ra, Hasan Choriyev qamoqda boshdan kechirgan azob oqibatida vafot etgan. Tergov va sud jarayonida huquqiy himoya bilan ta'minlanmadi va izolyatorda saqlandi, deya bildiradi harakat.

Jinsiy tajovuz aybi tuhmatdir, degan edi u, yozda ukalari va farzandlari bilan Vashingtonda namoyishlar o'tkazar ekan. Choriyev Amerika ahli va hukumatidan uning harakatini qo'llashni so'rab keladi. "Vashington O'zbekistondagi diktaturaning qilmishlariga ko'z yuma olmaydi",- deydi u.

Bahodir Choriyevning "Amerika Ovozi" bilan suhbatini mana bu yerda tinglash mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG