Yangicha protezlar bilan yangi hayot

  • Amerika Ovozi

Yangicha protezlar oyoqsiz odamlarga boshqalardek bemalol yurish, yugurish imkonini beradi. Sun’iy oyoq bilan hatto yer yuzini sezish mumkin.

Yurganda, qadam tashlanganda bu haqda o’ylamaymiz ham. Elektr signallar oyoq mushaklarini qisqartiradi va bog’inlarni harakatlantiradi. Butun jarayonni miya boshqaradi.

Olimlar anchadan buyon haqiqiy oyoq harakatini takrorlaydigan protez ustida ishlayapti.

“Zinadan bemalol tushaman. Keyingi qadamim haqida bosh qotirmasam ham bo’ladi”.

Terri Kaprovich Chikagodagi Reabilitatsiya institutida robot oyoqni sinab ko’rmoqda.

Motorli protez oyoqning son mushaklaridan kelayotgan elektr signallarni qabul qilib oladi. Ya’ni elektromiagramma signallarini.

“Elektrod nomli antennalar signalni tutadi. Elektrod teriga tekkanida signallarni sezish mumkin. Ularni biz kompyuterga kiritib, rasshivrovka qilamiz,” - deydi Levi Hargrov.

U izlanishga bosh-qosh. Tizza va to’piq haqiqiy odam oyog’i harakatlarini takrorlaydi.

“Protez sizga kuch beradi. Masalan, joyingizdan turayotganda yuqoriga itaradi. Zinadan tepaga yoki toqqa chiqa olasiz,” - deydi Hargrov.

Lints universiteti professori Hubert Egger xuddi haqiqiy oyoqdek miyaga signal yuboradigan protez oyoq yaratgan. Jarrohlar oyog’idan judo bo’lgan bemorning tovonidan saqlab qolingan asab tolalarini soni bilan bog’ladi.

Protez tagida datchiklar o’rnatilgan, ular sun’iy oyoqqa ulangan stimulyatorlar bilan bog’lanadi. Moslama odamga yerni sezish imkonini beradi.

Volfgang Ranger ana shunday yangicha protezdan foydalanyapti. Qishda muz ustida yurayotganimni ham bilaman, deydi u.

Har ikkala dastur ishtirokchilari kashfiyotlardan mamnun. Heyli Denisevich Chikagodagi izlanish-sinovlarda qatnashdi.

“Har ikki oyog’im bordek sezyapman o’zimni. Bu laboratoriyada o’tkazilayotgan tadqiqotlar natijasida nogironlar hayoti batamom o’zgaradi. Zo’r emasmi?!” - deydi u.

Professor Egger protezlarni arzonroq qilish yo’llarini ham izlamoqda. Toki ulardan kambag’al mamlakatlarda yashovchi nogironlar ham foydalana oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG