Jarrohlik ko'krak saratoni uchun yagona shifo emas

  • Amerika Ovozi

Ko'krak raki

Ko'krak raki

Ko'krak rakiga Amerikada har yili 100 ming ayoldan kamida 100 nafari, O'zbekistonda esa 17 nafari chalinadi. 2011-yilda, BMT hisobicha, 508 ming ayol bu kasallikdan vafot etgan. Vaqtida aniqlansa, 70-80 foiz hollarda o'limning oldini olish mumkin.

Mashhur aktrisa Anjelina Joli ko’krak saratonidan saqlanish maqsadida ikkala ko’kragini jarrohlik yo’li bilan oldirib tashlashga qaror qildi. Genlarini tekshirtirganida uning ko’krak va tuxumdon rakiga yo’liqish ehtimoli yuqori ekani aniqlandi va yulduz shunday keskin qarorga keldi. “Amerika Ovozi” sobiq muxbiri Zulima Palasio ham saratonga uchraganidan keyin ikkala siynasini olib tashlashgan.



Kulolchilik Zulima Palasioning jonu-dili. Bosh vaqt topdimi, shu bilan band.

“Mana 15 yildirki kulolchilik men uchun ham ruhiy, ham jismoniy shifo. Menga zavq va rohat beradi. Haqiqiy ijod. Qiyin va murakkab narsalarni o’ylamay qo’yadi odam”.

Palasioda saratonni mart oyida topishdi. Kimyoviy terapiya olishga to’g’ri keldi. Yaqinda ikkala ko’kragini oldirib tashlashga qaror qildi, vaholanki saraton faqat bir – chap ko’krakda edi.

“Ikkala tarafni oldirishga qaror qildim. Bunga turli-tuman omillar sabab bo’ldi,” - tushuntiradi u.

Ulardan biri – saratonning qaytarilishi ehtimoli.

“Umrimning oxirigacha xuddi lotereya o’ynagandek “qani, o’ng ko’kragimda ham saraton topilarmikin?” deb yashaymanmi?! Yo’q, dedim”.

Bu fenomen “Anjelina Joli ta’siri” degan nom oldi. Chunki genetik sinovdan keyin mashhur kino yulduzi ko’krak va tuxumdon saratoniga moyil ekanini bildi. Lekin bunday yechimga qarshilar kam emas.

Masalan, Vashingtondagi “Medstar” kasalxonasi shifokori Mark Boyever.

“Bu masalada ma’lumot katta ahamiyatga ega. Kasallikni muntazam kuzatib borsa va saratonning qaytarilishi ehtimoli qandayligini bilsa, vaqtida davolanish mumkin,” - deydi u.

Palasioning doktori unga ikki tomonlama mastektomiya, ya’ni ko’kraklarni olib tashlashni tavsiya etmagan. Lekin bemor shuni ma’qul topdi.

“Uch dugonam bir ko’kragini mastektomiya qildirganidan keyin ikki yoki uch yil o’tgach saraton qaytarildi. Boshqa ko’kragini olib tashlashga to’g’ri keldi. Ular menga bu nihoyatda qiyin bo’lgani va o’g’ir kechganini aytgan edi. Menga “Zuli, ikki tomonlama mastektomiya qildir, kutib o’tirma”, deyishdi”.

Shifokorlar eng muhimi bemor fikri deydi. Saratonni kuzatib borish, jiddiy muolajalar o’tkazish, jarrohlik yo’li bilan ko’krakni olib tashlash - buni ayolning o’zi hal qilsin, deydi ular.

Ko’krak saratonining turli shakllari va bosqichlari bor


Ayrim hollarda bemor hayotini saqlab qolish uchun agressiv muolaja talab qilinadi. Lekin deyarli 90 foiz hollarda ayollar omon qoladi, deydi onkolog va jarrohlar.

Uchinchi bosqichdagi ko’krak saratoni diagnozi qo’yilganidan buyon Zulima Palasio kimyoviy terapiya oldi, operatsiyadan o’tdi va kasallikni yenggandek.

Doktor Nigor Gulisurxiy ko’krak saratoni bo’yicha mutaxassis va jarroh.

“Ko’krak saratoni diagnozi qo’yilishini hech kim istamaydi, lekin agar saratonga chalinish peshonada yozilgan bo’lsa, eng ma’quli – ko’krak saratoni, chunki uni davolash yo’llari ko’p”.

Bemor, Palasiodek, kimyoviy terapiyadan o’tishi va operatsiya qildirishi mumkin. Boshqalarga radiatsiya muolajasi tayinlanadi.

Zulima Palasio uzoq yillar "Amerika Ovozi" muxbiri bo'lgan

Zulima Palasio uzoq yillar "Amerika Ovozi" muxbiri bo'lgan

Anna Favre - Zulima Palasioni davolayotgan onkolog. Yaqin kelajakda hatto rak o’smasi zararli bo’lgan hollarda ham ko’krak saratonini butunlay davolash mumkin bo’ladi, deydi u.

“Shunday dorilar ixtiro etiladiki, ular kasallikni yaxshiroq davolaydi va ayni vaqtda salbiy ta’siri kam bo’ladi”.

Palasioda saraton hujayralari ko’krakdan boshqa organlariga tarqalmagan.

Hatto kasallikning murakkabroq turlariga chalingan bemorlar boshqalardek hayot kechirishi mumkin, deydi doktor Favre:

“Bu kasalxonada 13 yildan beri ishlayman. Metastazalar tarqalgan, davolab bo’lmaydigan ayollarni ko’rganman. Ular yaxshi hayot kechiradi, farzandlarini katta qiladi, ishlaydi, diagnozdan keyin kamida 10 yil yashaydi. Ko’krak saratoniga chalinganlarning 70 foizi tuzalib ketadi”.

Jarrohlik uslublari ham o’zgargan, deydi doktor Gulisurxiy:

“Har doim ham ko’krakni olib tashlash talab qilinmaydi. Mushaklarni esa kech qachon olib tashlamaymiz. Ba’zi hollarda limfatik tugunlarni ham saqlab qolamiz. Ya’ni ayol badanini xunuk qilib qo’yadigan operatsiyalar vaqti o’tgan. Bugunda aksariyat hollarda ko’krakni saqlab qolamiz. Olib tashlash kerak bo’lgan holda esa plastik jarrohlik bo’yicha ajoyib mutaxassislarimiz bor. Ular shunday mahorat bilan ishlaydiki, operatsiya bo’lganini ayoldan boshqa odam bilmaydi”.

Amerika saraton jamiyati ma’lumotiga ko’ra, ko’krak saratoniga chalinganlarning 80-90 foizi omon qoladi.

Palasioga o’xshab kasallik uchinchi yoki so’nggi, to’rtinchi bosqichda aniqlangan bemorlar ham umidini uzmasligi kerak, deydi shifokorlar. Ko’krakda o’zgarishni sezishingiz bilanoq doktorga ko’rinish kerak, bu hayotingizni saqlab qolishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG