Bolalar orasida o’limni kamaytirish uchun yangi tashabbus

  • Amerika Ovozi

Dunyo bo’ylab har yili 15 million ota-ona farzandidan ayriladi. Zotiljam, ich ketish kabi oddiy kasalliklardan. Besh yoshchaga bo’lgan bolalar orasida o’lim hollarini kamaytirish uchun 80 davlat va xalqaro tashkilotlar yangi tashabbus bilan chiqmoqda.

Dahshatli bir fakt - har yili qariyb 8 million bola besh yoshga yetmasdan hayotdan ko’z yumadi. AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Vashingtonda o’tgan anjumanda ana shu fojiali holatga to’xtaldi.

“Bu go’daklar, qayerda tug’ilganidan qat’iy nazar, tirik qolishga, yashashga haqli”, - deydi u.

Ayniqsa Afrika va Janubiy Osiyoda ahvol ayanchli. Kelasi 20 yilda o’lim hollarini 75 foizga kamaytirish uchun bugun arzon va effektiv dorilar mavjud. Faqat siyosiy iroda kerak, deydi Entoni Leyk, UNICEF, BMT qoshidagi bolalar jamg’armasi ijroiya direktori.

“Qilinadigan ishlar ko’p. Kengashib, bayonotlar qilish oson. Natijaga erishish esa boshqa masala”.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, deydi suhbatdosh, go’daklar o’limi bo’yicha eng yuqori ko’rsatkichga ega besh mamlakatga e’tiborni oshirmoqda.

“Yangi vaksina va dorilar ustida ish ketmoqda. Xalqaro yordamning ham roli katta. Qashshoq mamlakatlarda olib borilayotgan loyihalardan bilamizki, maqsadga erishsa bo’ladi”, - deydi Leyk.

Doktor Rajiv Shoh AQSh Xalqaro Taraqqiyot agentligini boshqaradi. Yangi yondashuv, ya’ni moliya va resurslarni muayyan davlatlarga, muammo o’chog’iga yo’naltirish rejasi ish berishi kerak, deydi u.

“Muammo chuqur ildiz otgan besh mamlakat - Hindiston, Pokiston, Nigeriya, Kongo va Efiopiya. Ularning o’zlari bu anjumanga boshchilik qilib, kurash strategiyasi bilan chiqayotgani, uni tatbiq etish rejasi ishlab chiqilgani katta qadam. Xalqaro tashkilotlar ham gapdan ishga o’tgan”.

Rey Chembers BMTning bezgakka qarshi kurash dasturlari uchun mas’ul.

“Odamlar hamon bezgakdan o’layotgani chidab bo’lmas holat. Bu kasallik tarqalishiga chek qo’yish kerak”, - deydi u.

Besh yoshgacha bo’lgan bolalarni o’limga yetaklovchi kasalliklar – bezgak, zotiljam, diareya hamda tug’ish bilan bog’liq mushkulliklardir. Set Berkli bolalarni emlash bo’yicha global uyushma rahbari.

“Yechim har bir jamiyatning o’ziga, irodasiga bog’liq. Yuqorida o’tirgan rahbarlardan tortib quyidagi mulozimlargacha, barchadan faollik talab qilinadi”.

Yangi vaksinalar va ilg’or diagnostika texnologiyalari muammoga barham bera oladi. Donorlik majburiyatlarini bajarish hamda tibbiy xizmatdan uzilib qolganlarga yetib borish ham birdek ahamiyatli.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG